KXDRda ilk bor kompyuter o‘yinlari uchun klub paydo bo‘ldi
Olam
−
08 aprel
2750Shimoliy Koreya poytaxt Pxenyandagi Xvason tumanida joylashgan yangi osmono‘par binoda o‘yin o‘ynash uchun mo‘ljallangan birinchi kompyuter klubini ochishga hozirlik ko‘rilmoqda. Rasmiy ishga tushirishdan oldin mazkur muassasani mamlakat yetakchisi Kim Chen In ko‘zdan kechirgan. Bu haqda NK News xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, klub 300 nafar o‘yinchiga mo‘ljallangan bo‘lib, poytaxt va umuman mamlakat fuqarolarining moddiy va madaniy farovonligini oshirishga xizmat qilishi kerak. E’lon qilingan suratlarda kompyuter klubida hozircha kompyuterlar va monitorlar yo‘qligi ko‘rinadi. Biroq klubda ko‘plab bilyard stollari va o‘yin uchun mo‘ljallangan kompyuter kreslolari mavjud.
Manbaga ko‘ra, KXDR hukumati o‘yin materiallarining mazmunini qat’iy nazorat qiladi. O‘yinchilarga xorijiy o‘yinlarning siyosiy rejimga tahdid soluvchi syujetlarini chiqarib tashlagan modifikatsiyalangan versiyalari taklif qilinishi mumkin. Loyihaning mamlakatda dam olish infratuzilmasini kengaytirish dasturi doirasiga kiritilishi kutilmoqda.
KXDRdagi birinchi kompyuter klubida qanday uskunalar ishlatilishi va ularning yetkazib berilishi qachon amalga oshirilishi hozircha noma’lum. Ehtimol, Shimoliy Koreya zarur qismlarni sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda olib kirish yo‘llarini izlashi zarur bo‘ladi.