Miting ortidan gazni qayta ishlash zavodi direktori qo‘lga olindi 

Olam 10388
image

Qozog‘istonning Janaozen shahridagi gazni qayta ishlash zavodi direktori va suyultirilgan gaz bo‘yicha elektron savdo markazi rahbari qo‘lga olindi. Bu haqda “Tengrinews.kz” xabar bergan. 

Ta’kidlanishicha, Moliyaviy monitoring agentligi gaz narxining asossiz oshirilgani yuzasidan sudgacha tekshiruv boshladi. 

Qayd etilishicha, “Qozog‘iston gazni qayta ishlash zavodi” MCHJ butun Mang‘istau viloyati va unga yaqin hududlarni gaz bilan ta’minlaydi. 

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.   

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.   

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. 

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Rushana Sultonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 338
Reyting: 3
t
×