Mirziyoyevning Belarusga tashrifi, Toshkentdagi “skandal”, “tonirovka” bo‘yicha ogohlantirish va boshqa xabarlar
Jamiyat
−
01 avgust 2019
4128Yakuniga yetayotgan 1 avgustning eng muhim voqealari bilan quyida tanishing.
Mirziyoyevning Belarusga tashrifi
Shavkat Mirziyoyev Belarusga tashrifi davomida Aleksandr Lukashenkoning taklifi bilan “Zaslavl” davlat rezidensiyasida bo‘ldi. Davlat rahbarlari rezidensiya bo‘ylab sayr qilib, keyin sovg‘alar almashishdi.
O‘zbekiston va Belarust Prezidentlari tor va keng doirada uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar yakunida ikki davlat o‘rtasida 11 kelishuv va bitimlar imzolandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko hamrohligida Minskda tashkil etilgan O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi.
Bosh vazir o‘rinbosari “tonirovka” bo‘yicha yangi qaror haqida ma’lumot berdi
Avtoulovlar oynasining tusini o‘zgartirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan yangi Hukumat qarorida deputatlar bildirgan takliflar ham o‘z aksini topyapti. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ma’lum qildi.
Toshkentda pensioner 2,7 mlrd so‘mga “uxlatildi”
Joriy yilning 29 iyul kuni Toshkent shahrining Chilonzor tuman IIO FMBdan tushgan xabarga ko‘ra, 2018 yil avgust oyida Shayxontohur tumanida yashovchi 37 yoshli G.K., M.Ulug‘bek tumanida yashovchi, “Maftun” MCHJ rahbari 67 yoshli B.N.ga poligrafik uskunalarini olib berishini va birgalikda biznesni davom ettirishini va’da qilgan. Bank orqali uning nomiga 2 700 000 000 so‘m (2,7 mlrd) pullarni kreditga olib, ushbu pullarni “Poligraf” MCHJ xisob raqamiga o‘tkazib, hech qanday uskunalarni olmasdan pullarni o‘z ehtiyoji yo‘lida ishlatib yuborganligi aniqlangan.
Moskvada 18 o‘zbekistonlik qul qilindi
O‘zbekistonning 18 nafar fuqarosi Rossiyaning Moskva viloyatida qullikda saqlangan. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ma’lum qilishicha, 18 nafar o‘zbekistonlikni qullikda ushlab turishda gumonlanuvchi shaxslar Moskva viloyati politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan.
Birovning o‘rniga kirmoqchi bo‘lgan “abituriyent” qo‘lga tushdi
Bugun, 1 avgust kuni Samarqand shahrida kunning birinchi yarmida oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun test topshirishi kerak bo‘lgan 3060 nafar abituriyentning 59 nafari imtihonlarda qatnashmadi. Shuningdek, 1 nafar abituriyent shpargalkadan foydalanishga ringani uchun test jarayonidan chetlatildi va birovning o‘rniga testga kirishga harakat qilgan 1 nafar “abituriyent” voqea joyida qo‘lga tushdi.
Toshkent shahar IIBB “tonirovka” masalasida ogohlantirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda haydovchilar yoppasiga avtomobillari oynasining tusini o‘zgartirishni boshlab yuborgani haqida xabarlar tarqaldi.
Shu munosabat bilan Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati ogohlantirish bilan chiqdi.
Hurmatli haydovchilar! Internet tarmoqlarida ba’zi shaxslar avtomobil oynalarini qoraytirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatishlarini bildirib, fuqarolarning ishonchidan foydalangan holda ushbu xizmatni ularga taklif qilayotganliklari to‘g‘risidagi bizga kelib tushayotgan xabarlarning soni ortib bormoqda. Biz sizdan tegishli qaror kuchga kirgani to‘g‘risida ma’lumot e’lon qilinguniga qadar shoshmaslikni so‘raymiz.
Toshkentda yana “skandal”: Xotin-qizlar qo‘mitasi tag‘in qovun tushirdi
Toshkent shahar IIBB hamda Toshkent shahar Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligidagi jinoyatga moyil ayollarning 23 ta toifasi tuzilgani haqida xabar bergan edik.
Mazkur ro‘yxat ijtimoiy tarmoqlarda katta bahs-munozarani keltirib chiqardi. E’tiroz bildirayotganlar, o‘zini tahqirlangan deb baholayotganlar orasida nogiron, ajrashgan, bolasini yolg‘iz katta qilayotgan, boquvchisini yo‘qotgan ayollar, Toshkent shahrida vaqtincha istiqomat qiluvchi xotin-qizlar, uzoq muddatga mamlakatdan chiqib ketganlar talaygina.
Ijtimoiy tarmoqlardagi noroziliklar ortidan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova moyil ayollarning 23 ta toifa tuzilishi bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi. Bositxonova Jurnalistlar, blogerlar hamda internet foydalanuvchilaridan mening sha’nimga aytilayotgan haqoratlarni to‘xtatishlarini so‘radi.
Toshkent shahar hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan “jinoyatga moyil 23 ta toifa ayollar” toifalari haqidagi muhokamalar yuzasidan izoh berdi.
LiveBarchasi