Mirziyoyev yana ikki nafar Paralimpiada chempionlarini telefon orqali tabrikladi (video)

Sport

image

Fransiyada davom etayotgan Parij yozgi Paralimpiadasi ham oxirlab qoldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024 yilgi Paralimpiada o‘yinlarida chempionlikni qo‘lga kiritgan ikki nafar para sportchi – Nurxon Qurbonova va Tolibboy Yo‘ldoshevni telefon orqali g‘alaba bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Tinimsiz kuzatib boraman faoliyatingni. Olimpiya shaharchamizda qurilishni boshlaganimizda “Paralimpiadadan oltin bilan kelaman”, degan yoqimli so‘zlaring esimda. Bu nimadan dalolat? Tinimsiz harakat, irodali intilishlaring bilan tobora o‘sib borayapsan. Bergan va’dangni ortig‘i bilan bajarding”, deya Davlat rahbari bir yo‘la jahon rekordini o‘rnatgan va uni yana yangilagan Nurxon Qurbonovani tabrikladi.

Prezident, shuningdek, para yengil atletikachi Tolibboy Yo‘ldoshevni ham qutladi.

“Bir necha kun oldin yadro uloqtirish bo‘yicha bronza medalini olgan eding. Ikki sport turi bo‘yicha ikkita yuksak natija – bu chinakam jasorat. Bu yutuqlar mashaqqatli mehnatlaring, tinimsiz mashqlaring, to‘plagan boy mahorating mevasidir”, degan Mirziyoyev.

Ma’lumot uchun, Nurxon Qurbonova 2 sentyabr kuni F54 klassida yadro uloqtirish bahslarida 7,75 metr natija qayd etib, bronza medalga sazovor bo‘ldi. Bugun esa ushbu klassda nayza uloqtirish bo‘yicha 21,12 metr natija qayd etgan holda jahon rekordini yangiladi va Paralimpiada chempioniga aylandi. Tolibboy Yo‘ldoshev esa kecha, 6 sentyabr kuni para yengil atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasida F37 klassida disk uloqtirish dasturida Paralimpiada chempioni bo‘ldi. Bundan oldin, ya’ni 31 avgust kuni 15,24 metr natija qayd etgan Yo‘ldoshev bronza medalga sazovor bo‘lgandi.

O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar hozircha 26 ta – 10 ta oltin, 9 ta kumush va 7 ta bronzaga yetdi. Umumjamoa hisobda 11-o‘rinda bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Parijdagi Paralimpiada o‘yinlarida yadro uloqtirish bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchi Bobur Omonov bilan telefon orqali muloqot qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Nurxon Qurbonova Tolibboy Yo'ldoshev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made