Mirziyoyev va “Arqadag‘”ning muzokaralari boshlandi
Jamiyat
−
24 aprel 4099 2 daqiqa
Bugun, 24 aprel kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning muzokaralari bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalroq, muzokaralarda O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilishi aytilgandi.
Ma’lumot uchun, Gurbanguli Berdimuhamedov kecha, 23 aprel kuni tashrif bilan Samarqandga keldi. Tantanali ravishda ikki mamlakat bayroqlari bilan bezatilgan Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Samarqand shahridagi tadbirlar doirasida Mirziyoyev va Berdimuhamedov birgalikda Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat ko‘rsatdi. Shundan so‘ng, yetakchilar birgalikda “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘i hududida tashkil etilgan madaniy tadbirlarda ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, 21 aprel kuni Gurbanguli Berdimuhamedov Qozog‘istonga borgandi. Turkiston aeroportida oliy martabali mehmonni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kutib oldi. Ular birgalikda turkiy dunyoning eng buyuk ma’naviy, tarixiy va madaniy qadamjolaridan biri – UNESCO'ning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qildi. 22 aprel kuni Qosim-Jomart To‘qayev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Gaz sohasida hamkorlikni kengaytirish, xususan, Qozog‘istonning xorijiy hamkorlar bilan birgalikda Galkinish konini o‘zlashtirish loyihasida ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratildi.
Shundan so‘ng, Turkman xalqining milliy yetakchisi Qirg‘izistoning Cho‘lpon-Ota viloyatiga bordi. Uni aeroportda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov kutib oldi. Japarov Berdimuhamedovni qirg‘izcha mehmon qildi.
Kecha, 23 aprel kuni Japarov Cho‘lpon-Ota shahrida Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muzokara o‘tkazdi. Keyin esa yetakchilarga Issiqko‘l viloyatidagi Baktuu-Dolonotu qishlog‘idagi ippodromda qirg‘iz milliy ot sporti o‘yinlari – “Jorgo salish” va “Ko‘k boru” taqdim etildi. Madaniy dastur yakunida Prezident Sadir Japarov faxriy mehmonni Issiqko‘l xalqaro aeroportigacha kuzatib qo‘ydi.
Live
Barchasi