Mirziyoyev Imomali Rahmon bilan mintaqadagi vaziyatni muhokama qildi
Jamiyat
−
07 Oktabr 2020
5330O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 7 oktyabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, suhbat chog‘ida ikki mamlakat hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilingan. Mintaqadagi vaziyat yuzasidan fikr almashilgan, bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqilgan.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali munosabatlarni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash borasida qat’iy ekanliklarini ta’kidlaganlar.
Rasmiy axborotda Mirziyoyev va Rahmon qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasida joriy yilning 5 oktyabr kuni boshlangan tartibsizliklar xususida suhbatlashganiga aniqlik kiritilmagan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 5 oktyabr kuni ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida telefon suhbati o‘tkazilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi.
Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.
Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.
Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.
Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Ularning o‘rniga muxolifat vakillari tayinlandi.
O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini ma’lum qildi.
LiveBarchasi