“Milliy tiklanish” yetakchisi Kiyevni egallash Rossiya uchun orzuligicha qolishini aytdi
Jamiyat
−
21 dekabr 2023
18555Hozirda Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zaxar Prilepinning sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib, ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surgani O‘zbekistonda norozilik va keng munozaralarga sabab bo‘lmoqda. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov ham bu bo‘yicha munosabat berdi. Uning bayonoti partiyaning Telegram'dagi rasmiy kanalida e’lon qilindi.
“Rossiyalik harbiy Zaxar Prilepinlarning borligi, ularning ayrim guruhlar isitmasini oshkor qilayotgani yaxshi. O‘rta bo‘g‘indagi harbiy a’yonning iddaosi yaqindagina shu mavzuda fikr bildirgan Rossiya Dumasi deputati janob Tolstoy fikrlarining yalang‘ochlangan shakli, aslida”, deydi Abdurahmonov.
Uning aytishicha, hozirda globallashayotgan dunyo tahdidlari, tobora kuchliroq namoyon bo‘layotgan o‘zaro ishonch inqirozlari yurtni sevishning o‘zi kifoya emasligini ko‘rsatyapti.
“Bas, shunday ekan ustuvor vazifa – har lahza shu yurt uchun jon fido qilishga tayyor bo‘lgan, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallagan, butun vujudi ko‘hna tariximiz, milliy qadriyatlarimiz asosida parvarishlangan avlodni tarbiyalashga e’tiborni yanada kuchaytirishimiz kerak. Aks holda kutilgan maqsadga erishishimiz kechikaveradi”, deydi Mirodil Abdurahmonov.
Shuningdek, u kinoyali tarzda Prilepinga “tilimizni, mehnat migrantlari hamda hozircha Siz uchun orzu sanalgan Kiyev paradini eslatib, xushyorlikka undagan”i uchun “minnatdorlik” bildirgan.
Biroq Mirodil Abdurahmonovning mazkur bayonoti “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining rasmiy kanalida e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay negadir o‘chirib tashlandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov Prilepinning bayonotiga munosabat bildirayotib, “Aqlsiz do‘st aqlli dushmandan yomonroqdir”, naqlini eslatgandi. Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev esa O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham mazkur vaziyatdan norozilik bildirib, Rossiyaga rasmiy nota yuborishi kerakligini ta’kidlagandi.
Avvalroq esa Rossiya Davlat Dumasi vitse-spikeri Pyotr Tolstoy sobiq Sovet ittifoqiga kirgan davlatlarda, xususan, O‘zbekistonda Rossiyada ishlayotgan migrantlar hisobidan rus tilida o‘qitiladigan maktablar qurishni taklif qilgandi. Bunga “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov o‘z munosabatini bildirib, shunday degandi:
“Biz o‘zbek tilini bilmaydigan xizmatchilarni ishdan haydashni taklif qilishimiz kerak(mi?) Biz boshqa yo‘ldan boramiz – ularga o‘zbek tilini o‘rgatamiz. Siz esa o‘zingiz ishlashni o‘rganing. Bu rus tiliga qachonlardir haqiqiy hurmat paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin”.
LiveBarchasi