“Milliy tiklanish” raisi o‘rinbosari Alisher Qodirovning fikri noto‘g‘ri talqin qilinayotganini aytdi
Jamiyat
−
12 iyul
8788Alisher Qodirov bir kun avval joylagan postida o‘lim jazosini tiklashni nazarda tutmagan, uning gaplari noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Bu haqda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisining mafkuraviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qodirov og‘riqli bir holatga e’tibor qaratgan va o‘zi ham fikr-mulohazalarini ichki bir hayajon bilan qog‘ozga tushirgan.
“Zotan, murg‘ak bolaga nisbatan bunday maxluqlikni boshqacha yondashuv bilan izohlab bo‘lmasdi. Ammo ko‘pchilik “Alisher Qodirov o‘lim jazosini qaytarish taklifini ilgari surdi” degan xulosani chiqarmoqda. Balki, Qodirovning xayolidan shunday fikr o‘tgandir ham. Ammo yuqoridagi xulosalar ko‘proq deputatning “murg‘ak bolaga vahshiylik qilgan inson yashamasligi kerak” degan fikri noto‘g‘ri talqin qilinayotganini anglatadi.
Bilamizki, Bosh Qomusimizda og‘ir jinoyat sodir etganlar umrbod qamoq jazosiga hukm etilishi belgilangan. Balki, Alisher Qodirov “yashamasligi kerak” iborasi bilan aynan shu moddani nazarda tutgandir. Yoki bundaylardan jamiyatni tozalash kerak deganda aynan ana shu modda xayoliga kelgan bo‘lishi mumkin!” deydi Mirodil Abdurahmonov.
Mirodil Abdurahmonov Alisher Qodirov va u yetakchilik qilayotgan partiyaning Konstitutsiyaviy islohotlar tashabbuskorlaridan biri bo‘lganini, referendum arafasida Alisher Qodirovning o‘zigina emas, butun boshli partiya ushbu moddani to‘la qo‘llab-quvvatlaganini anglatishini keltirib o‘tgan.
Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, Alisher Qodirovning og‘riqli mulohazalarini hatto Oliy Majlisdagi ayrim hamkasblari ham noto‘g‘ri tushungan.
“Nazarimda, har qanday holatda, hatto og‘riqli ehtiroslar toshib ketgan taqdirda ham fikr va mulohaza noto‘g‘ri tarjima qilinmasligi kerak. Agar A.Qodirov og‘ir jinoyatlarga nisbatan o‘lim jazosi qayta tiklanishi kerakligini aytmoqchi bo‘lganida, u bu fikrni yaltir-yultur qog‘ozlarga o‘rab o‘tirmay, shartta aytgan bo‘lardi. Har qalay, Alisher Qodirovning bunaqa masalalarda qat’iy ekanini izohlashga hojat bo‘lmasa kerak” deydi . “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisining mafkuraviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Alisher Qodirov Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sodir bo‘lgan dahshatli voqea fonida begunoh go‘dakning umriga zomin bo‘lgan kimsalarning yashashga haqqi yo‘q, deya fikr bildirgandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev esa bunga javoban o‘lim jazosini tiklash kerak deganlarga Konstitutsiya kitobini sovg‘a qilishni tavsiya qilgandi.
LiveBarchasi