Metan “zapravkalar” faoliyatiga cheklov kiritiladi

Jamiyat

image

Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (gaz “zapravkalar”) faoliyatiga qisqa muddatli cheklov kiritilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Bildirilishicha, so‘nggi kunlarda respublika hududiga sovuq havo oqimi kirib kelishi natijasida energiya resurslariga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshib bormoqda. Bugungi kunda aholining tabiiy gaz kunlik iste’moli o‘tgan haftadagiga nisbatan 20 foiz, elektr energiyasi iste’moli esa 15 foiz ortgan.

Havo haroratining keskin pasayishi natijasida iste’molchilarning tabiiy gazga bo‘lgan talabi keskin oshib, respublika gaz transport tizimi ob’ektlari maksimal quvvatlarda ishlashiga, shu jumladan, gazni yer osti saqlash omborlaridan rejalashtirilgan maksimal kunlik gaz olinishiga va tarmoqqa uzatilishiga qaramay, quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda.

“Birinchi navbatda aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini (tibbiyot, maktab, maktabgacha ta’lim, oliy ta’lim muassasalari va boshqalar) tabiiy gaz bilan ta’minlash ustuvor vazifamiz ekanligini inobatga olib, hududlardagi mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ishlab chiqilgan reja-grafiklarga muvofiq, iste’mol yuqori bo‘lgan ayrim hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (gaz “zapravkalar”) faoliyatiga qisqa muddatli cheklov kiritilishi rejalashtirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bu bo‘yicha viloyatlar va tumanlar hokimliklari rasmiy axborot manbalarida tegishli tartibda ma’lumot berib borilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, aholiga yonilg‘i quyish, gaz to‘ldirish hamda elektr quvvatlash shoxobchalari haqida onlayn ma’lumot berib borish maqsadida ishlab chiqilgan “Avto24” ilovasi yordamida shoxobchalar faoliyati bilan bog‘liq barcha ma’lumotlarni onlayn rejimda kuzatishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkmanistondan O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmi oshirilishi aytilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Metan zapravka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing