Navbat Kiyevdagi “zapravka”ga: Rossiya shoxobchani bombaladi
Olam
−
16:59 894 2 daqiqa
Bugun, 11 sentyabr kuni ertalab Rossiya qo‘shinlari Kiyevdagi “Ukrnafta” kompaniyasiga tegishli ikkita avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasiga zarba berdi. Bu haqda “Ukrnafta” boshqaruvi raisi Bogdan Kukura va “Naftogaz” rahbari Sergey Fedorenkoning bayonotlariga tayanib “RBK-Ukraina“ xabar berdi.
“Bugun ertalab Rossiya reaktiv dronlari poytaxtning o‘ng va chap sohillarida joylashgan tarmog‘imizning ikkita avtomobillarga yonilg‘i quyish majmuasiga birdaniga hujum qildi. Dushman ob’ektlardan biriga ataylab takroriy zarba berdi”, degan Kukura.
Uning qo‘shimcha qilishicha, havo hujumi xavfi haqida signal berilgach, xodimlar va mijozlar shoxobcha hududini tark etgan. Shunga qaramay, binolarda jiddiy vayrongarchiliklar va uskunalarga katta zarar yetgani qayd etilgan.
“Bu odamlarni yonilg‘i va zarur mahsulotlar bilan ta’minlaydigan fuqarolik ob’ektlariga navbatdagi qasddan berilgan zarba. Bunday hujumlarda hech qanday harbiy maqsad yo‘q. Bu tinch aholiga qarshi terror”, deya ta’kidlagan “Ukrnafta” boshqaruvi raisi.
Fedorenkoning ma’lum qilishicha, Rossiyaning reaktiv dronlari “Ukrnafta”ning Troyeshchina va Pochayna hududlaridagi ikkita yonilg‘i quyish shoxobchasiga hujum qilgan. Pochaynada joylashgan shoxobchaga ikki marta zarba berilgan.
“Signal yangrashi bilan shoxobchalar faoliyatini to‘xtatdi, barcha xodimlar va mijozlar hududni tark etdi. Bunday hujumlarda hech qanday harbiy maqsad yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Bu tinch aholi va tinch odamlarga qarshi terror”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Qurolli kuchlari o‘tgan tunda Ukraina data-markazlarini nishonga olgan edi.
Live
Barchasi