Meta Avstraliyada 756 mingta 16 yoshga to‘lmaganlar akkauntini blokladi
Olam
−
09:56 234 2 daqiqa
Meta Avstraliyada 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklovchi qonun kuchga kirganidan so‘ng 756 mingdan ortiq shubhali akkauntni o‘chirganini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Meta ma’lumotiga ko‘ra, dekabrdan iyun oyigacha 462 mingta Instagram va 294 mingta Facebook akkaunti Avstraliyalik 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga tegishli bo‘lishi mumkinligi sababli deaktivatsiya qilingan.
Avstraliyada 16 yoshga to‘lmaganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi qonun 10 dekabrda kuchga kirgan. Qonun qabul qilinishiga ijtimoiy tarmoqlarning bolalar va o‘smirlarning jismoniy hamda ruhiy salomatligiga ta’siri bilan bog‘liq xavotirlar sabab bo‘lgan.
Meta mazkur qonunga avvaldan qarshi chiqqan bo‘lsa-da, uni bajarishini ma’lum qilgan. Ayni paytda Avstraliya internet regulyatori qonun talablariga rioya qilish bo‘yicha yetarli chora ko‘rmagan platformalarga nisbatan sudga murojaat qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Avstraliya hukumati qonun talablarini buzgan kompaniyalar uchun maksimal jarimani ikki barobar oshirib, 99 million Avstraliya dollarigacha yetkazishni ham taklif qilgan.
Qayd etilishicha, Meta 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarni aniqlash uchun sun’iy intellektdan foydalanayotganini bildirgan. Kompaniya akkaunt egasining yoshiga oid ma’lumotlarni, jumladan tug‘ilgan kunni nishonlash yoki maktabdagi sinf haqidagi ma’lumotlar kabi belgilarni tahlil qilmoqda.
Shu bilan birga, Avstraliya hukumati va bir qator mustaqil tadqiqotlar taqiqning dastlabki uch oyida 16 yoshga to‘lmaganlarning 80 foizdan ortig‘i hali ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanganini ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstraliya internet xavfsizligi regulyatori terrorchilik targ‘ibotiga oid materiallarni o‘z vaqtida o‘chirmagani uchun Telegram’ga nisbatan sud jarayonini boshlagandi.
Live
Barchasi