Avstraliya ham Telegram’ni terrorchilik targ‘ibotida ayblab, sudga berdi
Olam
−
09:11 641 2 daqiqa
Avstraliya internet xavfsizligi regulyatori terrorchilik targ‘ibotiga oid materiallarni o‘z vaqtida o‘chirmagani uchun Telegram’ga nisbatan sud jarayonini boshladi. Bu haqda Avstraliyaning eSafety komissari ma’lum qildi.
Avstraliyaning internet xavfsizligi bo‘yicha eSafety komissari idorasiga ko‘ra, Telegram terrorchilar qatli va ommaviy qirg‘inlar aks etgan videolarni platformadan olib tashlash bo‘yicha talablarni bajarmagan. eSafety komissari Juli Inman Grantning aytishicha, ish so‘nggi yillardagi eng mashhur ekstremistik zo‘ravonlik harakatlari, jumladan, Kraystcherch va Buffalo hujumlari bilan bog‘liq materiallarga taalluqli.
“Bizning da’vomizga ko‘ra, Telegram bu kontent haqida rasman xabardor qilinganidan ancha keyin ham materiallar platformada ochiq qolgan”, degan u.
Ma’lum qilinishicha, Avstraliyaning kodeks va standartlariga rioya qilinmagan taqdirda, Telegram 54,6 million Avstraliya dollarigacha (38 million AQSH dollari) miqdorida fuqarolik jarimasiga tortilishi mumkin.
Telegram esa ayblovlarni rad etgan.
“Biz ushbu ayblovlarni qabul qilmaymiz va sudda ularga qarshi kurashamiz”, degan kompaniya vakili.
Kompaniya vakiliga ko‘ra, Telegram’ning terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlari yaxshi ma’lum bo‘lib, faqat 2026 yilning o‘zida minglab ekstremistik hamjamiyatlar bloklangan. Sudga taqdim etilgan hujjatlarda qayd etilishicha, 2025 yil iyul–oktyabr oylari davomida Avstraliyadagi Telegram foydalanuvchilari terrorchilik targ‘ibotiga oid 12 ta post yuzasidan shikoyat qilgan. Ularning uchtasi terrorchilik mazmunidagi ma’lum kontentni o‘z ichiga olgan.
Biroq, iddaoga ko‘ra, Telegram ushbu postlarning o‘ntasini o‘chirmagan, shuningdek, ularni joylashtirgan akkauntlarni ham bloklamagan yoki faoliyatini to‘xtatmagan.
Telegram dunyodagi eng ommabop messenjerlardan biri bo‘lib, kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, uning oylik faol foydalanuvchilari soni 1 milliarddan oshadi. Platforma asoschisi Pavel Durov 2014 yilda Rossiyani tark etgan va 2017 yilda kompaniyani Dubayga ko‘chirgan.
Telegram Rossiya–Ukraina urushi haqida axborot almashishda muhim platformalardan biri hisoblanadi va undan Moskva hamda Kiyev rasmiylari keng foydalanadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 29 iyul kuni Rossiya Pavel Durovga nisbatan terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish ayblovini e’lon qilgandi. Moskvaga ko‘ra, messenjerdan Ukraina maxsus xizmatlari Rossiya hududida hujumlarni muvofiqlashtirish uchun foydalangan.
Live
Barchasi