Mers Germaniya Rossiya bilan “mojaroli holatda” ekanini aytdi
Olam
−
30 avgust 2025 4853 2 daqiqa
Germaniya kansleri Fridrix Mers mamlakat Rossiya bilan “mojaroli holatda” ekanini aytdi. Bu haqda kansler LCI telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Mersning iddao qilishicha, Rossiya Germaniyaning katta qismini beqarorlashtirishga urinmoqda. U rossiyaliklar ijtimoiy tarmoqlar orqali Germaniya ishlariga aralashuv operatsiyalarini olib borayotganini ta’kidladi.
“Biz allaqachon Rossiya bilan mojaro ichidamiz”, deya ta’kidlagan Germaniya kansleri.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ikki mamlatni mojaro holatigacha Rossiya olib kelgan va barchasiga rossiyaliklar aybdor.
“Rossiya Germaniyaning katta qismini ichki ishlariga aralashish orqali beqarorlashtirmoqda”, degan Fridrix Mers.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa azaldan Moskvaning NATO davlatlariga hujum qilish niyati yo‘qligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning bunday urushga kirishishi uchun “na geosiyosiy, na iqtisodiy, na siyosiy, na harbiy” sababi yo‘q.
Mers 28 avgust kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvda Rossiya va Ukraina Prezidentlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tmasligi haqida gapirgandi. Makron agar bunday uchrashuv bo‘lmasa, Rossiyaga qarshi javob choralari kuchaytirilishini aytgan.
Umuman olganda, kansler tez-tez Rossiyaga qarshi bayonotlar berib, uni urushni to‘xtatishga chorlab turadi. Masalan, u 26 avgust kuni Berlinda Kanada Bosh vaziri Mark Karni bilan birgalikda o‘tkazgan matbuot anjumanida Rossiya Ukraina bo‘yicha muzokaralarda eski uslubi – vaqtni cho‘zish strategiyasini qo‘llayotgani haqida aytgandi. Unga ko‘ra, Moskva Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy uchrashuvini oldindan belgilangan shartlarga bog‘lab, uni imkonsiz holatga keltirmoqda. Mers bunday talablarni Germaniya ham, Ukraina ham mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan deb hisoblashini ta’kidlagan. qalampir.uz/news/putin-vak-tni-chuzish-strategiyasini-k-ullayapti-merts-123350 Kanslerning so‘zlariga qo‘shilgan holda Germaniya Tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful ham Vladimir Putinga murojaat qilib, Ukraina bo‘yicha muzokaralarni cho‘zmaslikni talab qilgandi va aks holda Moskvaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etilishi haqida ogohlantirgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Fridrix Mers Rossiyani mamlakatning demokratiyasiga aralashishda ayblagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Germaniya demokratiyasiga juda keng ko‘lamda aralashmoqda, IT xavfsizligiga hujumlar uyushtirmoqda, sabotaj va dezinformatsiyalar tarqatmoqda.
Live
BarchasiSuriyada KIP qo‘mondoni o‘ldirib ketildi
21 yanvar