“Mening aybim yo‘q”. Pokistonda o‘zbekistonlik ayol hibsda saqlanmoqda

3-sahifa

image

O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi xodimi Karachi shahrida joylashgan Markaziy ayollar qamoqxonasiga borib, mazkur muassasada vaqtincha saqlanayotgan o‘zbekistonlik ayol bilan suhbat uyushtirdi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi. 

O‘zbekiston fuqarosi Pokistonga 2024 yil dekabrda Maldiv fuqarosi bo‘lgan shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘i bilan tadbirkorlik qilish maqsadida borgan. U shu yilning yanvar oyida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan guruhga turmush o‘rtog‘i bilan sheriklikda gumonlanib, hibsga olingan va Karachi shahridagi Markaziy ayollar qamoqxonasiga joylashtirilgan. Ayni paytda sud jarayoni davom etyapti.

Fuqaro xorijlik turmush o‘rtog‘ining yolg‘on va’dalariga ishonib, Pokistonga kelgani va gihyovand moddalar savdosiga umuman aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan holda, elchixonaga ozodlikka chiqishiga yordam so‘rab murojaat yo‘llagan.

O‘zbekiston diplomatlari fuqaroning murojaati asosida u bilan bir necha bor suhbat o‘tkazgan. Tergov tafsilotlari o‘rganilgan. 

O‘zbekistonlik ayolning aytishicha, diplomatik vakolatxona xodimlarining mazkur ishga aralashuvidan so‘ng, unga qo‘yilgan ayblovlar xolis ko‘rib chiqilyapti.

 “O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida menga yangi advokat yollandi. Men o‘zimni butunlay aybsiz, deb bilaman. Afsuski, turmush o‘rtog‘imning yolg‘on va’dalariga ishonib, o‘z ona vatanimni tashlab bu yerlarga kelib, shu holatga tushib qoldim. Mamlakatimiz diplomatlari mening holimdan doim xabar olib turibdi. Fursatdan foydalanib, davlat rahbariga va diplomatlarga xorijiy davlatda bo‘lgan fuqarosini o‘z holiga tashlab qo‘ymagani va mening ozodlikka chiqishim uchun amalga oshirayotgan harakatlari uchun minnatdorlik bildiraman”, degan ayol. 

Uchrashuv davomida fuqaroning haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida konsullik-huquqiy maslahatlar berilgan. Shuningdek, faol vatandoshlar ko‘magida oziq-ovqat mahsulotlari, qishki kiyim kechaklar va pul mablag‘i berilgan. 

Ayolga Pokiston tomonidan ajratilgan advokat mazkur ishni ko‘rish jarayonida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun u bilan kelishuv bekor qilinib, elchixona tomonidan boshqa advokat yollangan. 

Safar davomida ushbu advokat bilan ham muloqot o‘tkazilgan. Yangi jalb qilingan advokat ayolning ozodlikka chiqish imkoniyati yuqori ekanini ma’lum qilgan. Ta’kidlashicha, ayolning maldivlik turmush o‘rtog‘i ham uning aybsizligini tasdiqlagan va xotinining ozodlikdan cheklash davri uchun ma’naviy zararni qoplab berishga va o‘zi qonuniy jazo olishga tayyorligini bildirgan. 

Xizmat safari davomida elchixona xodimi Karachi shahridagi Markaziy ayollar qamoqxonasi rahbari bilan ham uchrashgan. Suhbat davomida muassasada bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosining holati muhokama qilingan. Uni tez orada O‘zbekistonga qaytarish imkoniyatlari xususida fikr almashilgan.

Muassasa rahbarining aytishicha, ayol o‘zining odob-axloqi, tarbiyasi, atrofidagilarga bo‘lgan munosabati bilan boshqalardan ajralib turadi.
 
Suhbat davomida ayolning dam olishi, yaqinlari bilan uchrashishi, telefon orqali muloqot qilishi, advokat bilan uchrashishi, o‘z vaqtida tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirishga kelishib olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Sakarya viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasida saqlanib kelgan O‘zbekiston fuqarosi ozod qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

elchixona Pokiston Karachi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing