“Mehribon Prezident” ta’tilni qanday o‘tkazayotgani ko‘rsatildi

Olam

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning ta’tili davom etmoqda. Kecha, 4 avgust kuni mahalliy telekanalda davlat rahbarining ta’tilni qanday o‘tkazayotgani haqida lavha efirga uzatildi. 35 daqiqalik informatsion dasturning naq 28 daqiqasi Turkmanboshining ta’tiliga bag‘ishlandi. 

Lavha avvalida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ta’til kunlarini saharlab velosiped minishdan boshlayotgani aytiladi. 

“Mehribon arqadag‘imiz davom etayotgan ta’tilini saharlab velosiped minishdan boshladi. So‘nggi yillarda Hurmatli Prezidentimizning tashabbusi bilan sportning turli ko‘rinishlari, jumladan velosiped sporti rivojlanmoqda. Ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod velosiped sporti bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda”, deya Prezidentni ulug‘lash bilan boshlanadi lavha. 

Hikoya davom etarkan, kadr ortidagi muallif “mehribon arqadag‘” velosipeddan keyin ot sporti majmuasiga borib, ahaltaka oti bilan mashq qilganini aytdi. Kadrda esa Prezident haqiqiy chavandozlar libosida gavdalanadi. 

Ot bilan mashg‘ulotlardan keyin davlat rahbari bouling o‘ynagani keladi. Sport majmuasida suv havzasi va og‘ir atletika saloni ham bo‘lib, “arqadag‘” professional sportchilarga sport bilan qanday shug‘ullanish kerakligini o‘rgatadi. 

Ma’lumki, Turkmanboshi nafaqat davlat rahbari, sportchi, yozuvchi, balki qo‘shiqchi hamdir. Lavhada Prezidentning ovoz yozish studiyasida yangi qo‘shiqlar ustida ishlayotgani ham ko‘rsatilgan.

Davlat rahbari poygani ham kanda qilmaydi. Keyingi kunni u poyga bilan boshlagan. Hali kun yorishmay turib poyga avtomobilida maydonga chiqqan Berdimuhamedov “Jahannam darvozasi” deb nom olgan ulkan gaz krateriga borgan va mashinani mahorat bilan boshqargan.

Eslatib o‘tamiz, Turkmanboshi joriy yilning 15 iyul kuni ta’tilga chiqqan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, 21 iyul kuni uning vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. 24 iyul kuni Gurbanguli Berdimuhamedov televideniye orqali ko‘rinish berdi

Ma’lumot o‘rnida, 2007 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgani Berdimuhammedovning bu yilgi ta’tili 15 avgustgacha davom etadi. 


Maqola muallifi

Teglar

Gurbanguli Berdimuhamedov

Baholaganlar

76

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing