Mehnatga layoqatli aholining 1,3 millioni ishsizligi aytildi
Jamiyat
−
22 fevral 2023
4767O‘zbekistonda mehnatga layoqatli aholining 1,3 million nafari ishsiz. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev poytaxtda o‘tkazilgan “O‘zbekistonda ijtimoiy adolatni mustahkamlash maqsadida munosib mehnatni ilgari surish” mavzusidagi xalqaro konferensiyada aytib o‘tdi.
Vazirga ko‘ra, hokim yordamchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 2 million 200 ming nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlangan.
“Mamlakatimizda kambag‘allikni kamaytirish va bandlikni ta’minlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim – hokim yordamchilari instituti tashkil etildi. Hozirda respublikadagi mahallalarda 10 ming nafarga yaqin hokim yordamchilari faoliyat yuritib, ular tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatmoqda. Hokim yordamchilari orqali subsidiyalar ajratish, ish bilan ta’minlash, kasbiy tayyorgarlikka jalb qilish va biznes yuritish ko‘nikmalari orqali qariyb 2,2 million kishining bandligi ta’minlandi”, deydi Musayev.
Ma’lumotlarga ko‘ra, amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida respublikada ishsizlik darajasi 8,9 foizga tushirilgan. Qashshoqlik darajasi ko‘rsatkichi 17 foizdan 14,1 foizga kamaygan.
Joriy yilda barcha imkoniyatlar ishga solinib, O‘zbekistonda qashshoqlik darajasini 12 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan.
Hozirda mamlakatda ishsizlar soni 1,3 millionni tashkil etmoqda. Ammo Musayev bu ma’lumotlarni qayerdan olganiga aniqlik kiritmagan. Mustaqil institutlar va nodavlat tashkilotlarning O‘zbekistondagi ishsizlar soni bo‘yicha tahlillari Musayev aytganidan anchaga farq qiladi.
Birgina 2022 yilda Rossiyaga ish izlab borgan 3,5 million fuqaroning naq 41,9 foizi yoki 1,45 millioni o‘zbekistonliklar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston o‘tgan yili Rossiyaga ish qidirib kelgan fuqarolarning u yo bu davlatga mansubligi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan.
LiveBarchasi