Maskning da’vosi rad etildi
Olam
−
19 may 3183 2 daqiqa
Milliarder Ilon Maskning OpenAI’ga qarshi da’vosi Kaliforniyaning Oklend shahridagi federal sud hay’ati tomonidan kecha, 18 may kuni bir ovozdan rad etildi. Chunki sud Mask da’voni juda kech topshirgan degan qarorga keldi va bu OpenAI’ning ehtimoliy IPO (Initial Public Offering) yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan birini olib tashladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Sudning qarori OpenAI uchun muhim g‘alaba sifatida baholanmoqda. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, bu kompaniyaning qiymati 1 trillion dollargacha yetishi mumkin bo‘lgan IPO jarayoniga yo‘l ochadi.
Mask sudda OpenAI’ning bosh direktori Sem Altman va prezidenti Greg Brokmanni kompaniyaning dastlabki notijorat missiyasidan chekinib, uni daromad olish vositasiga aylantirganlikda aybladi. Ularning Microsoft’dan milliardlab dollar investitsiya qabul qilganini ham tanqid qildi.
Mask sud qaroridan keyin apellyatsiya berishini ma’lum qildi.
“Altman va Broskman xayriya tashkilotini o‘g‘irlab, o‘zlarini boyitdi”, deb yozdi Mask X ijtimoiy tarmog‘ida.
Sudya Yvonne Gonzalez Rogers esa sudning qarorini qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli dalillar mavjudligini aytdi va Maskning apellyatsiyada ham qiyinchilikka duch kelishi mumkinligini ta’kidladi.
Open AI advokatlari Maskning da’vosini haqiqiy muammo emas, balki kompaniyaning obro‘siga, rivojlanishiga yoki IPO rejasiga to‘sqinlik qilish uchun qilingan harakat deb hisoblayapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mask OpenAI rahbariyati – Sem Altman va Greg Brokmanni kompaniyaning dastlabki notijorat maqsadlaridan chekinganlikda ayblab, sudga da’vo arizasi kiritgani haqda xabar berilgan edi.
Live
Barchasi