Mask OpenAI rahbarini lavozimidan chetlatmoqchi
Olam
−
08 aprel 1883 2 daqiqa
Milliarder Ilon Mask OpenAI bosh ijrochi direktori Sem Altman va kompaniya prezidenti Greg Brokmanni ishdan bo‘shatishga harakat qilmoqda. Bu haqda CNBC xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Mask 2024 yilda OpenAI (ChatGPT ishlab chiquvchisi) rahbariyatini kompaniyaning dastlabki notijorat maqsadlaridan voz kechganlikda ayblab, da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan.
Nashrning yozishicha, Mask ushbu va’dalarga ishonib, kompaniyaga 38 million dollar xayriya qilgan. Kecha, 7 aprel kuni taqdim etilgan navbatdagi sud hujjatida Maskning yuristlari agar sud aldovni tan olsa, ularning mijozi talab qiladigan aniq choralarni bayon qilgan.
“Da’vogar Altmanni OpenAI notijorat kengashidagi direktorlik lavozimidan hamda Altman va Brokmanning ikkalasini OpenAI tijorat bo‘linmasidagi lavozimlaridan chetlatish to‘g‘risida qaror chiqarilishiga harakat qiladi”, deydi yuristlar.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, agar xayriya tashkiloti rahbarlari va direktorlari tashkilotning ijtimoiy missiyasini himoya qilmasa yoki bajarmasa, ularni lavozimidan chetlatish odatiy chora hisoblanadi.
Shuningdek, Mask suddan OpenAI kompaniyasini to‘laqonli notijorat tashkilot sifatida ishlashga qaytarish majburiyatini yuklashni so‘ramoqda. Ma’lum qilinishicha, qayta tashkil etilgandan so‘ng OpenAI notijorat tuzilma sifatida boshqarilmoqda va uning ChatGPT kiradigan tijorat bo‘linmasida 26 foizlik ulushi bor. Ushbu ish bo‘yicha sudyalar hay’atini tanlash joriy yilning 27 aprel kuni boshlanishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilon Maskning sun’iy intellekt startapi xAI AQSHning Texas shtat federal sudida Apple (AAPL.O) va ChatGPT yaratuvchisi OpenAI’ni sun’iy intellekt sohasidagi raqobatni yo‘qotish uchun noqonuniy til biriktirishda ayblab, sudga bergandi.
Live
Barchasi