Markaziy Osiyo rahbarlari yana sammitda yig‘iladi. Bu safar qay maqsadda?

Olam

image

Joriy yilning 2 iyun kuni Qirg‘izistonda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda bugun, 29 may kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning matbuot xizmati xabar berdi.

“2 iyun kuni Qosim-Jomart To‘qayev Cho‘lpon-Ota shahrida (Qirg‘iziston Respublikasi) bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” ikkinchi sammitida ishtirok etishni rejalashtirmoqda”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning 27 oktyabr kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari va Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishelning birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Unda To‘qayev “Yevroosiyo qalbida” o‘zaro ishonch va hamkorlik ruhini mustahkamlashga chaqirgan. Shuningdek, u mamlakatlar o‘rtasidagi savdo yanada muvozanatli tuzilishga ega bo‘lishi kerakligiga ishonch bildirgan. Shu bilan birga, To‘qayev yashil energiya sohasi hamkorlik salohiyatiga aylanishi mumkinligiga umid qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 may kuni Olmaota shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” ikkinchi iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tgandi. Aynan shu kuni Xitoyning Sian shahrida “Markaziy Osiyo-Xitoy” sammiti ilk bor oflayn formatda bo‘lib o‘tdi. Bungacha 9 mayda Markaziy Osiyo yetakchilari Moskvada Putin bilan ko‘rishgan va Qizil maydondagi G‘alaba paradida qatnashgandi. 25 may kuni esa Moskvadagi Katta Kreml saroyida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan birga Markaziy Osiyo yetakchilaridan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov shaxsan ishtirok etgan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston rahbari Imomali Rahmon esa onlayn qatnashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi sammit Markaziy Osiyo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing