Makron va Si Szinpin dasturxon ustida nimalar haqida “gurunglashdi”?

Olam

image

Bugun, 7 aprel kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Xitoy rahbari Si Szinpin bilan Xitoyning Guanchjou shahrida uchrashib, kechki ovqat qildi. Norasmiy uchrashuv davomida ham bir qator muhim masalalar muhokama qilindi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar berdi.

Guanchjoudagi uchrashuvda Xitoy rahbari ko‘plab xalqaro muammolar bo‘yicha Fransiya bilan o‘xshash qarashlarga ega ekanini qayd etgan. 

“Xitoy-Fransiya munosabatlari, Xitoy-Yevropa munosabatlari hamda ko‘plab xalqaro va mintaqaviy muammolar bo‘yicha bir xil yoki o‘xshash qarashlarimiz mavjudligidan juda xursandman, bu Xitoy-Fransiya munosabatlarining yuksak darajasi va strategik xususiyatini aks ettiradi”, degan Si Szinpin.

Shuningdek, u so‘nggi ikki kun ichida Pekin va Guanchjouda Makron bilan chuqur va sifatli muloqot qilganini aytgan. Si Szinpin yetakchilar o‘zaro tushunish va o‘zaro ishonchni mustahkamlagani, Xitoy va Fransiyaning ikki tomonlama hamda xalqaro miqyosdagi kelgusi hamkorligi yo‘nalishlarini aniqlaganini ta’kidlagan.

“Xitoy-Fransiya keng qamrovli strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish uchun siz bilan yaqin strategik aloqani davom ettirishga tayyorman”, degan Si Szinpin.

Bundan tashqari, kechki ovqat paytida Makronni Xitoyga borishining asosiy sababi bo‘lgan Ukrainadagi mojarodan gap ochilgan. Xitoy yetakchisi Ukrainadagi urush sabablari murakkab va inqirozning cho‘zilishi barcha tomonlarga zarar yetkazayotganini aytgan.

“Ukraina inqirozining sabablari murakkab va har qanday kechikish barcha tomonlarga zarar keltiradi. Tez orada o‘t ochish va jangovar harakatlarni to‘xtatish barcha tomonlar hamda butun dunyo manfaatlariga mos keladi. Siyosiy kelishuv vaziyatdan chiqishning yagona to‘g‘ri yo‘lidir. Xitoyning bu masalaga yondashuvi hech qachon o‘z manfaatini ko‘zlamagan, balki har doim halollik va adolat tarafdori bo‘lgan”, deya ta’kidlagan Si Szinpin.

Eslatib o‘tamiz, Fransiya Prezidentining Xitoyga davlat tashrifi 5-7 aprel kunlari bo‘lib o‘tdi. 6 aprel kuni Si Szinpin va Makron o‘rtasidagi muzokaralarning rasmiy qismi bo‘lgandi, unda Pekin va Parij o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik, Xitoy va Yevropa Ittifoqi munosabatlari, shuningdek, Ukraina inqirozi muhokama qilingandi. Makronga Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen hamrohlik qilgan, biroq u ko‘pincha ikkinchi planga tushub qolgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Xitoy Ukraina Si Tszin'pin Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing