Makron Parij Olimpiadasida Rossiya bayrog‘ining bo‘lishiga qarshi chiqdi

Sport

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiya delegatsiyasining 2024-yilda Parijdagi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishiga qarshi chiqdi. Bu haqda u kecha, 7 sentyabr kuni “L'Equipe” gazetasiga bergan intervyusida malum qildi.

"Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida Rossiya bayrog‘i bo‘lishi mumkin emas. Urush jinoyatlarini sodir etayotgan Rossiyaga Olimpiadada o‘rin yo‘q”, degan Makron.

Unga ko‘ra, rossiyalik sportchilarning Olimpiada o‘yinlaridagi individual ishtiroki haqidagi qaror Xalqaro olimpiya qo‘mitasida qoladi.

“Hal qilinishi kerak bo‘lgan asosiy masala shuki, ba’zan butun umrini tayyorgarlikka sarflaydigan va tuzum qurboni bo‘layotgan rossiyalik sportchilarga Olimpiada o‘yinlarida qanday joy berish kerak?”, degan Prezident.

Shuningdek, Makron rossiyalik sportchilarning Fransiya poytaxtida bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishi masalasini siyosiylashtirmaslik kerakligini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Parij 2024 yil 26 iyuldan 11 avgustgacha bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qiladi. Ammo futbol va regbi musobaqalari 24 iyulda, gandbol musobaqasi esa 25 iyulda boshlanadi. Uch haftadan sal ko‘proq vaqt ichida 32 sport turi bo‘yicha 329 ta sovrinlar to‘plami o‘ynaladi. Unda 206 ta Milliy olimpiya qo‘mitalari va qochqinlarning olimpiya terma jamoasi ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlarida Rossiya va Belarus sportchilari ishtirok etsa, Ukraina va 35 davlatdan iborat koalitsiya musobaqani boykot qilishga tayyor ekanini aytgandi. Rossiya Federatsiyasi Sport vazirligi esa 2022 yildan beri 67 nafar rossiyalik sportchi fuqaroligini o‘zgartirganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Frantsiya Parij Olimpiada Belarus' Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing