Makron noroziliklarga qaramay, pensiya islohoti haqidagi qonunni imzoladi (video)

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 4 oydan beri aholining noroziligi va kasaba uyushmalarining ish tashlashiga sabab bo‘lib kelayotgan pensiya islohoti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bugun, 15 aprel kuni hujjat “Journal officiel de la République français” gazetasida chop etildi.

“Shunday qilib, Ijtimoiy sug‘urta kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Birinchi xatboshidagi “oltmish ikki” so‘zlari “oltmish to‘rt” degan so‘zlar bilan almashtirildi”, deyiladi hujjat matnida.

Bungacha Fransiya Konstitutsiyaviy Kengashi ham pensiya islohoti to‘g‘risida qaror chiqargan va eng kam pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshga ko‘tarish haqidagi asosiy moddani ma’qullagan. 

Eslatib o‘tamiz, Fransiyada pensiya yoshini 62 dan 64 ga ko‘taradigan va bir qator maxsus pensiya rejimlarini bekor qiladigan islohot loyihasi yanvar oyida taqdim etilgan edi. Bu tashabbus butun mamlakat bo‘ylab namoyishlar va ish tashlashlarga sabab bo‘ldi. 16 mart kuni Fransiya Bosh vaziri Elizabet Born parlamentni chetlab o‘tib, hukumat mas’uliyati ostida pensiya tizimiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi qabul qilinganini e’lon qildi. Kasaba uyushmalari va muxolif siyosiy partiyalar vakillari hukumatning bu harakatini qoralab, hukumat islohotlarni bekor qilmaguncha ish tashlashlarni davom ettirishga chaqirdi. Shu kungacha butun Fransiya bo‘ylab mazkur islohotga qarshi 12 marta namoyish o‘tkazilgan, ular ba’zi fojiaviy oqibatlarga olib kelgan.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya namoyish Makron pensiya islohoti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing