Maxsus komissiya qarori bu safar nimalarni chekladi-yu nimalarga ruxsat berdi?

Jamiyat

image

Epidemiologik vaziyat yomonlashganini inobatga olib, O‘zbekistonga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi navbatdagi qarorini qabul qildi. Qaror bilan ba’zi cheklvolar qa’tiylashtirilgan bo‘lsa, epidemiologik vaziyat og‘irlashgan hududlar uchun qo‘shimcha cheklovlar joriy qilindi.

Quyida Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan o‘rnatilgan yangi cheklov va tartiblarga to‘xtalamiz.

Bozorlar ikki kun tozalashga yopiladi, “qizil” va “sariq” hududlarda yangi cheklovlar o‘rnatilyapti.

Jumladan, quyidagilar belgilandi:

•    respublikaning barcha hududlarida yirik buyum bozorlari hamda buyum savdosi bilan shug‘ullanadigan yirik savdo majmualari haftaning shanba va yakshanba kunlari sanitariya-dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish uchun yopiladi;

•    “qizil” va “sariq” hududlarda soat 07:00 dan 23:00 ga qadar jamoat joylarida uch kishidan ortiq to‘planish hamda 23:00 dan 07:00 ga qadar ko‘chalarda, ko‘p qavatli uylar va hovlilar oldida bo‘lish taqiqlanadi;

•    jamoat joylari va tadbirkorlik faoliyati ob’ektlarida ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlash, uch kishidan ortiq yig‘ilmaslik, fuqarolarning tibbiy niqob va qo‘lqopdan hamda antiseptik vositalaridan doimiy ravishda foydalanish;

•    yo‘nalishlarda harakatlanayotgan avtobuslar salonlarida sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etish, shu jumladan, yo‘lovchilarni ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashtirish;

•    supermarket va boshqa yirik do‘konlarga kirishda fuqarolarni bepul tibbiy qo‘lqop bilan ta’minlash.

O‘zbekistonda karantin choralarining kuchaytirilishi ortidan 5 iyuldan “qizil” va “sariq” hududlarda avtotransport vositalari harakatlanishiga nisbatan yana cheklovlar o‘rnatilmoqda

Xususan:

•    “sariq” hududlarda soat 06:00 dan – 22:00 ga qadar;

•    “qizil” hududlarda soat 07:00 dan – 10:00 gacha va 17:00 dan – 20:00 gacha avtotransport vositalarida harakatlanishga ruxsat beriladi.

Cheklovlar bilan bir qatorda bir qancha yengilliklar ham berilyapti 

Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan davlatlardan (qizil reyslar) O‘zbekistonga kirib kelayotgan fuqarolarga o‘z hohishiga ko‘ra 14 kunlik karantin nazorati davrini haqini to‘lagan holda mehmonxonada o‘tkazishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi

Unga ko‘ra:

•    Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatga kiritilgan mehmonxonalar ularga tegishli ob’ektlarni 24 soat uzluksiz qo‘riqlash bo‘yicha Milliy gvardiya bilan shartnoma tuzadi;

•    ushbu mehmonxonalarda tibbiyot muassasalari tomonidan shartnoma asosida kundalik tibbiy xizmat tashkil etiladi;

•    fuqarolar respublikaning xalqaro aeroportlari va chegara o‘tkazish punktlaridan mehmonxonalargacha yo‘l patrul xizmati vakillari kuzatuvi ostida transport vositalari bilan yetkaziladi.

Yengilliklardan yana biri to‘y bilan aloqador bo‘ldi. Endilikda ushbu imkoniyat “qizil” va “sariq” hududlarga ham taqdim etilmoqda.

Qarorda qayd etilishicha, to‘y, ma’raka va marosimlarni fuqarolarning uy-joyi va hovlisining o‘zida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda sanitariya va gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat beriladi. Bunda marosimlarda faqat yaqin qarindoshlar va ushbu tuman hududida istiqomat qiluvchi boshqa qarindoshlar qatnashishi belgilangan.

Eng asosiy yangiliklardan biri koronavirus bemorlarining toifalarga ajratilib, kasallikni uyda davolash tartibini joriy qilish bo‘ldi.

Komissiya qaroriga ko‘ra, koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlar uch toifaga ajratilmoqda: 

•    koronavirus infeksiyasining yengil shakllari aniqlangan (kasallik alomatlarsiz o‘tayotgan) bemorlar;

•    koronavirus infeksiyasi o‘rtacha og‘ir kechayotgan (tana harorati ko‘tarilayotgan) bemorlar;

•    koronavirus infeksiyasi og‘ir kechayotgan bemorlar.

Joriy yil 5 iyul sanasidan boshlab koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarni davolash bilan bog‘liq quyidagilarni nazarda tutuvchi yangicha tartib joriy etilmoqda:

•    kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar shifokor tavsiyalari asosida, sanitariya-gigiyena qoidalari hamda parvarish uchun zarur sharoitlar mavjud bo‘lganda, uy sharoitida davolanishiga ruxsat etiladi;

•    shifoxonalarda va uy sharoitida davolanayotgan kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar 10 kun muddatda klinik belgilari kuzatilmagan taqdirda nazoratdan chiqarish amaliyoti joriy etiladi;

•    koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemor bilan birlamchi muloqotda bo‘lganlar 14 kunlik karantin muddatini uy sharoitida yoki tasdiqlangan ro‘yxatga asosan mehonxonalarda barcha sanitariya-epidemiologiya va karantin cheklovlariga rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat beriladi; 

•    birlamchi skrining test tahlillari musbat natija bergan namunalarni tasdiqlash tahlillarini o‘tkazish vakolati Bosh sanitar shifokor ko‘rsatmalaridan kelib chiqib hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlariga beriladi;

•    aholining populyatsion ma’lumotlar bazasini yaratish maqsadida koronavirus antitanachalariga IFA tekshirishlariga, davlat tibbiyot muassasalari bilan bir qatorda, xususiy sog‘liqni saqlash sektoridagi tibbiyot muassasalari ham jalb etilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, belgilangan cheklovlarni buzish, qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rishga sabab bo‘ladi. Shunday ekan, cheklovlarga amal qilib, o‘zingiz va yaqinlaringizni asrang.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

883

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing