“Madaniyat va ma’rifat” telekanali nomi o‘zgarishsiz qoladi
Madaniyat-san’at
−
13 aprel 2023
8029Avvalroq “Madaniyat va ma’rifat” telekanalini “Karvon” telekanaliga aylantirish bo‘yicha qaror loyihasi e’lon qilingandi. Bu esa jamoatchilik orasida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov telekanal nomi o‘zgarmasligini ma’lum qildi.
“Mazkur qaror loyihasi jamoatchilik tomonidan qizg‘in kutib olindi hamda ijtimoy tarmoqda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Hafta davomida trendga chiqqan “Madaniyat va ma’rifat” telekanali atrofidagi fikr-mulohazalar millatimiz ziyolilari, teleijodkorlar yuragida yig‘ilib qolgan dardlarni ham oshkor qildi”, deydi vazir.
Nazarbekovning ta’kidlashicha, bu chiqishlar to‘lqinida u quyidagilarni belgilab olgan:
- telekanal nomini o‘zgartirmaslik;
- ilmiy-ma’rifiy, adabiy-badiiy loyihalarni saqlab qolish va rivojlantirish;
- moddiy-texnik baza masalasiga yechim topish;
- mehnatga munosib haq to‘lash masalasini hal qilish;
- badiiy va hujjatli filmlar, umuman, barcha janrdagi mediamahsulotni efirga uzatishda litsenziya bilan bog‘liq masalalar.
“Bu va boshqa yondosh masalalar bosqichma-bosqich hal etilishi lozim, bu jarayonlarda esa butun jamoa birlashishi, bahs-munozara maydonida ko‘rsatgan qat’iyatini ish maydonida ham namoyon etishi zarur deb bilaman. Zero shu yurt, shu xalq vakillari sifatida barchamiz umumiy maqsad yo‘lida – millatni yuksaltirish, yurt ravnaqiga hissa qo‘shish yo‘lida kamarbastamiz”, deydi Madaniyat va turizm vaziri.
LiveBarchasi