Madhiyani o‘zgartirish. Prezident bunga nima deydi?
Olam
−
30 Oktabr
9473Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov davlat madhiyasini o‘zgartirishni qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda u “Kabar” axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Madhiyani yangilashning nimasi yomon? Hozirgi madhiyaning yozilganiga 33 yil bo‘ldi. O‘sha paytda biz endigina mustaqillikka erishgandik. Mualliflar xalq ozod va mustaqil bo‘lgani, taqdiri uning qo‘lida ekanini yozar ekan, buni hayajon va quvonch bilan bitgan. Hozir biz to‘laqonli davlatga aylandik. Dunyoda taniqli bo‘ldik. Nima, 100 yildan keyin ham mustaqil davlat bo‘lganimizni kuylaymizmi? Nega endi bizning besh ming yillik tarixga ega mustaqil davlat ekanimizni, yoshlar va kelajak avlod ruhini ko‘taradigan madhiyani yozmaslik kerak?” deya savol qo‘ygan Japarov.
Shu bilan birga, u hozirgi madhiyaning unutilmasligini, birinchi madhiya sifatida arxivda qolishini ta’kidlagan va ayrim odamlarning davlat bayrog‘ini o‘zgartirishga qarshi bo‘lganini eslatgan.
“Hozirgi bayroq yomonmi? U oldingisidan yaxshi. U na kungaboqar va na arra diski ko‘rinishida. Hozir odam bayroqqa qarasa, darhol uning quyosh ekanini tushunadi”, dedi Japarov bu masalada.
Qayd etish joiz, o‘tgan yilning dekabr oyida Sadir Japarov mamlakat parlamenti tomonidan qabul qilingan “Qirg‘iziston Respublikasining davlat ramzlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonunni imzolagan edi. Qonun asosiy davlat ramzlaridan biri – mamlakat bayrog‘ini takomillashtirish maqsadida qabul qilingan. Unga ko‘ra, Qirg‘iziston bayrog‘idagi quyosh nurlarining shakli to‘lqinlidan to‘g‘ri chiziqlarga o‘zgartirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston parlamenti spikeri Nurlanbek Shakiyev davlat madhiyasi matnini o‘zgartirish zarurligini bildirgan edi. Uning fikricha, madhiya hamma uchun qulay, ritmik bo‘lishi kerak. Shunda barcha fuqarolar yoshidan qat’i nazar uni istalgan vaqtda va vaziyatda oson ijro eta oladi.
LiveBarchasi