Mahmud Abbos HAMAS yetakchisining o‘ldirilishini qoralab, Falastinni birdamlikka chaqirdi
Olam
−
31 iyul
5516Falastin Prezidenti Mahmud Abbos HAMAS yetakchisi Ismoil Xoniyaning o‘ldirilishini “qo‘rqoqlik va xavfli voqea” deb atadi va Falastinni birdamlikka chaqirdi. Bu haqda Falastin rasmiy axborot agentligi WAFA xabar berdi.
Prezident Abbos Xoniyaning o‘ldirilishini keskin qoralagan. U Falastin xalqini Isroil ishg‘oliga qarshi norozilik bildirishga va birlashishga chaqirgan.
Falastin Ozodlik Tashkiloti Ijroiya Kengashi Bosh kotibi Husayn ash-Shayx ham HAMAS siyosiy byurosi rahbarining o‘ldirilishini keskin qoraladi. U HAMAC yetakchisiga uyushtirilgan suiqasdni “xavfli keskinlik” deb atadi va Isroil Falastin xalqiga qarshi hujumlarini kuchaytirgan bir paytda birdamlik va qarshilik ko‘rsatish zarurligini ta’kidladi.
HAMAS va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining yozma bayonotlarida, Ismoil Xoniyaning Isroil armiyasining Tehrondagi mehmonxonaga uyushtirgan hujumi oqibatida halok bo‘lgani bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiya Ismoil Xoniyaning Tehronda o‘ldirilganini keskin qoralagandi. Amerikaning “The Wall Street Journal” gazetasi Ismoil Xoniyaning Tehronda o‘ldirilishi Yaqin Sharq mintaqasida keskinlikning kuchayishiga olib kelishi mumkinligini yozdi. Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy Xoniya Tehronda o‘ldirilgani uchun Isroildan qasos olishga va’da berdi.
Zebo Turobjonova
LiveBarchasi