“Falastinga ozodlik” yoxud 1 mln dollardan kechgan reper
Tahlil
−
20:46 575 10 daqiqa
Falastindagi qurbonlar. Bombalar va o‘qlar yomg‘irida qirilib ketayotgan butun boshli aholi. Ochlik va nochorlikdan qiynalayotgan, titrayotgan, yegulik uchun navbatda soatlab turgan bolalar. Tirik qolish uchun kurashib, har kuni gumburlayotgan osmon ostida umid bilan yashayotgan fuqarolar. Dunyo beshafqat. Ayniqsa, pul, mol-dunyo va nazorat qilish imkoniga ega bo‘lganlar shaxsiy adovatini bemalol ko‘rsata olayotgan zamonda yashash yanada qiyinlashadi. Falastinliklar bunga yorqin misol. Ular haqida gapirish ham bugun oson emas. Kim ojizlar tarafini olishga urinsa, zolimlar qilmishini qoralasa, turli tazyiqlar, kutilmagan ayblovlar, cheklashlar, kerak bo‘lsa yakkalashlar boshiga tushyapti. Bu hatto taniqli shou-biznes vakillarini ham chetlab o‘tmadi. Ko‘pchilikning xayoliga reper desa, kapyushonli kiyim kiyadigan, bo‘yniga zanjir taqib oladigan, so‘kinib gapiradigan insonlar kelishi mumkin. Ammo Maklemor ismli reper konsert payti minglab odamlar qarshisida “Falastinga ozodlik” deya baqirdi. Bu qichqiriq esa uni o‘zi kutmagan vaziyatlarga duchor qildi. Yaqin daqiqalar davomida butun dunyoda muhokama qilinayotgan mana shu mavzu haqida gaplashamiz.
Kulminatsiya va sahnadagi qatiyat
Global shou-biznes industriyasi uzoq yillardan buyon o‘zining betaraf va “tinchlikparvar” qiyofasini saqlashga urinib keladi. Biroq 2026 yilning sentyabrida dunyo musiqiy hamjamiyatini larzaga keltirgan hodisa zamonaviy san’at va siyosiy senzura o‘rtasidagi chegaralar naqadar mo‘rt ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. 4 sentyabr. Nyu-Jersi, MetLayf (MetLife Stadium) stadioni. 82 ming kishilik arena. Amerikalik mashhur reper Maklemor hamda britaniyalik pop-yulduz Ed Shiran atrofida yuzaga kelgan mojaroli vaziyat atigi ikki og‘iz so‘z – “Falastinga ozodlik” shiori atrofida boshlanib, xalqaro miqyosdagi ulkan reputatsion va siyosiy inqirozga aylandi.
Voqealar rivojining eng yuqori nuqtasi 2026 yilning 4 sentyabr kuni Nyu-Jersidagi 82 ming tomoshabinga mo‘ljallangan muazzam MetLayf stadionida yuz berdi. Ed Shiranning “Loop Tour” mega-turnesi doirasida maxsus taklif etilgan ijrochi sifatida sahnaga chiqqan reper Maklemor, rejadagi musiqiy dasturni chetga surib, kutilmagan qadam tashladi. U Kolumbiya universiteti talabalarining namoyishlaridan ilhomlanib yozilgan, G‘azodagi gumanitar inqirozga bag‘ishlangan “HIND’S HALL” nomli trekini ijro etdi. Bu qo‘shiq tarixiga ham keyinroq to‘xtalamiz. U ijro etilayotganida sahnadagi ulkan ekranlarda urush hududidagi vayronagarchiliklar namoyish etildi. Shu paytda, u mikrofonga yuzlanib, o‘zining qat’iy pozitsiyasini baralla e’lon qildi.
“Mening ushbu turnega qo‘shilishimdan eng katta maqsadlarimdan biri – xuddi shunday ulkan stadionlarda turib, qalbimga eng yaqin bo‘lgan ikki og‘iz so‘zni baralla ayta olish edi: Falastinga ozodlik! G‘azodan tortib bosib olingan Iordan daryosining G‘arbiy sohiligacha bo‘lgan barcha insonlar bilib qo‘ysin – biz sizni unutmadik va hech qachon unutmaymiz!”, dedi u.
So‘z va fikr erkinligi sifatida yangragan ushbu nutq, afsuski, sahna ortidagi tijoriy mexanizmlar va korporativ bosimlar charxpalagini zudlik bilan harakatga keltirib yubordi. To‘g‘ri, dunyoning katta qismi Maklemorni olqishladi. Biroq terrorchilik va buzg‘unchilikni qo‘llab-quvvatlashda reperni o‘zini ayblaganlar ham ko‘paydi.
Tijoriy ittifoq va sahna ortidagi bosimlar
E’tiborli jihati, Ed Shiran va Maklemor o‘rtasidagi hamkorlik shunchaki tasodifiy biznes kelishuvi emas edi. 13 yillik qadrdon do‘stlik rishtalari bilan bog‘langan ikki san’atkor ushbu AQSH turnesini birgalikda rejalashtirishgan. Maklemor ushbu turnening AQSH bosqichidagi 8 ta mega-konsertida ishtirok etishi va buning evaziga taxminan 1 million AQSH dollari miqdorida shaxsiy gonorar olishi ko‘zda tutilgan edi.
Biroq sahnadagi bayonotdan ko‘p o‘tmay, sahna ortida jiddiy moliyaviy va siyosiy bosimlar boshlandi. Isroil tarafdorlari hamda Isroil-Amerika Kengashi zudlik bilan konsert tashkilotchilariga e’tiroz bildirishdi. Asosiy zarba esa “Nyu-Inglend Petriots” amerikalik futbol klubi va Boston yaqinidagi mashhur Jillett stadioni egasi, milliarder Robert Kraft tomonidan berildi. Ed Shiranning shaxsiy tanishi hisoblangan Kraft va konsert promouteri Messina Touring Group xonandaga ochiq ultimatum qo‘ydi: agar Maklemor turning qolgan konsertlarida sahnaga chiqsa, Shiran AQSHdagi birorta ham stadionida konsert bera olmaydi va unga eshiklar butunlay yopiladi.
Ushbu jiddiy moliyaviy va logistik tahdidlar qarshisida 14 sentyabr kuni tashkilotchilar va Ed Shiran jamoasi Maklemorni turning qolgan barcha dasturlaridan rasman chetlatish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Domino effekti va hurmat
Maklemorning chetlatilishi kutilganidek shov-shuvlarni bostirmadi, aksincha, shou-biznes muhitida “domino effekti”ni keltirib chiqardi. Turnega taklif etilgan boshqa san’atkorlar, jumladan irlandiyalik xonanda Aaron Rou hamda bir qator musiqachilar bu qarorga norozilik bildirib, qo‘llab-quvvatlash belgisi sifatida turneni ko‘ngilli ravishda tark etishdi. “Irland sifatida genotsid, majburiy ocharchilik, okkupatsiya haqida juda yaxshi bilaman”, dedi Aaron Rou.
Ed Shiran kutilmaganda sahnada mutlaqo yolg‘iz qoldi.
14 sentyabr kuni Maklemor o‘zining Instagram sahifasida keng jamoatchilikka murojaat qilib, ochiq xat va video e’lon qildi:
“Ed va men qurbon emasmiz. Bizda pullar, mashhurlik va xavfsizlik bor. Haqiqiy qurbonlar – bu G‘azoda bolalarini kasalxonaga qo‘lida ko‘tarib borayotgan ota-onalardir... Ed juda qiyin ahvolda qoldi, uning betaraf pozitsiyasi sinovga uchradi. Agar sahnadan “Falastinga ozodlik” deganim va doimo haqiqatni aytganim meni sahnadan uzoqlashtirsa, lekin e’tiborni yana G‘azoga qarata olsa – demak, bu mening faoliyatimdagi eng muvaffaqiyatli turne bo‘ldi!”, dedi u.
Reper, shuningdek, ushbu turne uchun ajratilgan 1 million dollarlik gonoraridan to‘liq voz kechib, uni Falastindagi gumanitar yordam fondlariga o‘tkazishini bildirdi.
Jamoatchilik fikrining bo‘linishi
Voqealar rivoji har ikki san’atkorning ommaviy obro‘-e’tiboriga turlicha ta’sir ko‘rsatdi. Maklemor qisqa fursat ichida axloqiy prinsiplardan chekinmagan, so‘z erkinligi va inson huquqlari uchun kurashuvchi qahramon obraziga aylandi. Uning ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilari soni tez fursatda bir necha millionga ko‘paydi, postlari va videolavhalari esa global tarmoqda rekord darajadagi ko‘rishlar sonini qayd etdi.
Aksincha, yillar davomida musiqiy olamda “bag‘rikeng va neytral yigit” qiyofasini saqlab kelgan Ed Shiran jiddiy reputatsion inqirozga yuz tutdi. U ijtimoiy tarmoqlarda tijoriy manfaatlarni va milliarderlar bosimini insoniylik va so‘z erkinligidan ustun qo‘yganlikda, soxta betaraflikda ayblandi. Uning keyingi konsertlari o‘tayotgan maydonlar tashqarisida Falastin tarafdorlari va faollari tomonidan namoyishlar hamda norozilik aksiyalari tashkil etildi.
Sahnadagi e’tirof va munosabat
Yuzaga kelgan keskin e’tirozlardan so‘ng, Ed Shiran 15 sentyabr kuni o‘zining rasmiy bayonotini konsert paytida e’lon qildi:
“Maklemorni chetlatish mening emas, promouterlarning qarori edi. Men, menga ishongan yuz minglab muxlislarni sarson qilolmasdim va turnega bog‘langan yuzlab ishchilarimni daromadsiz qoldira olmasdim. Men betarafman, mening sahnam hamma uchun xavfsiz maskan bo‘lib qolishi kerak. Ommaga gapirmayotganim – mening shaxsiy qarashlarim yo‘qligini yoki qayg‘urmayotganimni anglatmaydi”, dedi u.
Biroq tijoriy bosim va shaxsiy vijdon o‘rtasidagi ziddiyat Filadelfiyadagi konsertda o‘zining eng ta’sirli ko‘rinishini oldi. 19 sentyabr kuni barcha taklif etilgan ijrochilar tarkibni tark etgani sababli sahnaga yolg‘iz chiqqan Shiran tomoshabinlar qarshisida tuyg‘ularini jilovlay olmadi va ko‘ziga yosh olib, shunday dedi:
“Men hech qachon siyosiy san’atkor bo‘lishni xohlamaganman... Lekin sodir bo‘layotgan voqealardan so‘ng tuyg‘ularimni yashira olmayman. G‘azodagi tinch aholining azoblari va G‘arbiy sohildagi tizimli adolatsizliklarga ko‘z yumib bo‘lmaydi”, dedi u.
Topmoq – yo‘qotmoqdir, yo‘qotmoq – topmoq
Musiqa olamida bu ikki shaxsning ortida qanday obro‘ turganini tushunish uchun ijrochilarning bosib o‘tgan yo‘liga nazar tashlash kifoya.
Maklemorning haqiqiy ismi Ben Haggerti. U AQSHning Sietl shahridan yetishib chiqqan amerikalik reper. O‘z ijodini 2000 yillarda mustaqil yo‘nalishda boshlagan va 2012 yilda prodyuser Rayan Lyuis bilan birga chiqargan “Thrift Shop” hamda “Can’t Hold Us” mega-xitlari orqali global sahnaga shiddat bilan kirib kelgan. U to‘rt karra Gremmi mukofoti sohibi bo‘lib, yirik leybllarga qaram bo‘lmagan holda Billbord chartlarining eng yuqori pog‘onalarini zabt etgan kamsonli reperlardan biri hisoblanadi.
Ed Shiran esa – Buyuk Britaniyaning Galifaks shahridan bo‘lgan zamonaviy pop-musiqaning eng yirik yulduzlaridan biridir. Ijodini ko‘cha va kichik barlarda qo‘shiq kuylashdan boshlagan Shiran 2011 yilda “The A Team” xiti bilan tanildi. Hozirda u 4 karra Gremmi sohibi bo‘lib, “Shape of You” va “Thinking Out Loud” kabi taronalari Spotify platformasida milliardlab eshitilgan, dunyoning eng ulkan stadionlarini osongina to‘ldira oladigan mega-ijrochi hisoblanadi.
Aynan mana shu ikki do‘st va hamkasb atrofida yuzaga kelgan “Falastinga ozodlik” mojarosi ularning jamoatchilik va muxlislar qarshisidagi reputatsiyasini ham tubdan o‘zgartirib yubordi.
Mojarogacha bo‘lgan davrda Ed Shiran Instagram platformasida 48 millionga yaqin ulkan auditoriyaga ega edi, Maklemorni esa 6 million 200 ming atrofida obunachi kuzatib borardi. Biroq Nyu-Jersidagi sahnada yangragan chaqiriq va undan keyingi chetlatish hodisasi ushbu raqamlarni va auditoriya munosabatlarini tamoman qayta shakllantirdi.
Sahnada prinsipial pozitsiyasidan chekinmagan va 1 million dollarlik gonorardan voz kechib, uni Falastin fondlariga o‘tkazgan Maklemor qisqa fursat ichida haqiqiy “ma’naviy g‘olib”ga aylandi. Uning Instagram sahifasiga atigi bir necha kun ichida 3 milliondan ortiq yangi obunachi qo‘shilib, uning umumiy auditoriyasi 9 milliondan oshdi. Uning “HIND’S HALL” treki va xatlari e’lon qilingan videolari esa tarmoqda 50–100 milliondan ortiq ko‘rishlarni to‘pladi. U o‘z karerasidagi eng katta raqamli va ma’naviy o‘sishni boshdan kechirdi.
Aksincha, tijoriy bosimlar va milliarderlar ultimatumiga taslim bo‘lgan Ed Shiran jiddiy reputatsion inqirozga uchradi. U qisqa vaqt ichida 500 000 dan ortiq obunachisini yo‘qotdi, uning postlari ostidagi izohlar bo‘limi esa “soxta betaraflik” va “kapitalizmga sotilganlik”da ayblovchi minglab keskin tanqidlar bilan to‘lib ketdi.
“HIND’S HALL” tarixi:
“HIND’S HALL” ya’ni Hind zali – bu amerikalik reper Maklemor tomonidan 2024 yilning may oyida e’lon qilingan va G‘azodagi urush hamda unga qarshi chiqqan talabalar namoyishlariga bag‘ishlangan mashhur norozilik qo‘shig‘ining nomi. Ushbu nom chuqur tarixiy va insoniy fojiani o‘zida muhrlagan ramziy iboradir.
Uning kelib chiqishi 2024 yilning aprel oyida AQSHning nufuzli Kolumbiya universiteti kampusida yuz bergan voqealarga borib taqaladi. Universitet talabalari G‘azodagi urushga hamda ta’lim muassasasining Isroil bilan bog‘liq kompaniyalarga sarmoya kiritishiga norozilik bildirib, kampus hududidagi tarixiy “Hamilton Hall” binolar majmuasini egallab olgan.
Binoni o‘z nazoratiga olgach, talabalar uni ramziy ravishda “HIND’S HALL” deb qayta nomlashgan. Bu nom G‘azoda Isroil harbiylari hujumi natijasida halok bo‘lgan 6 yoshli falastinlik qizcha Hind Rajab xotirasiga bag‘ishlangan edi. Hind Rajabning otib tashlanishi, u yaralangan holatda mashina ichida soatlab yolg‘iz qolgani va yordam so‘rab qilgan ta’sirli audioyozuvlari butun dunyo bo‘ylab ulkan aks-sado bergan edi.
Reper Maklemor aynan talabalarning ushbu matonati va fojiali halok bo‘lgan Hind Rajabning xotirasidan ilhomlanib, o‘zining Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi trekini “HIND’S HALL” deb atadi. Musiqiy asardan AQSH hukumatining harbiy yordamlari, g‘arb ommaviy axborot vositalarining biryoqlama yondashuvi va universitetlardagi so‘z erkinligiga qo‘yilgan senzuraga keskin munosabat bildiriladi.
Qisqacha aytganda, bugungi kunda “HIND’S HALL” iborasi shunchaki mashhur reperning taronasi emas, balki talabalar harakati, so‘z va fikr erkinligi, 6 yoshli Hind Rajab xotirasi hamda Falastin xalqining tinchlik va adolat uchun kurashish ramziga aylangan.
G‘azoda 2023 yil 7 oktyabrdan buyon davom etayotgan urush va harbiy harakatlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 74 000 nafardan oshgan. Jarohatlanganlar soni esa 174 000 dan ziyod. Halok bo‘lganlarning kamida 21 600 nafardan ortig‘i bolalardir. Vayronalar ostida qolgan minglab insonlar bu raqamga kirmagan bo‘lishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda Ed Shiran va Maklemor mojarosi shunchaki konsert dasturidagi tushunmovchilik emas, balki zamonaviy madaniyat va dunyo siyosatining o‘zaro to‘qnashgan nuqtasidir. Ushbu voqea yirik tijoriy platformalar, shartnomalar va milliarderlar nazoratidagi makonlarda prinsipial pozitsiyani saqlab qolish naqadar qimmatga tushishini ko‘rsatdi. Bir tomonda – korporativ va tijoriy majburiyatlar girdobida qolib, boy berilgan obro‘sini tiklashga urinayotgan Ed Shiran. Ikkinchi tarafda esa – o‘zining moliyaviy manfaatlarini va karerasini xavf ostiga qo‘yib, global sahnada insoniyat fojiasiga e’tibor qaratishni afzal bilgan va ma’naviy ustunlikni qo‘lga kiritgan Maklemor. Xulosa qilish uchun barcha sabablar ko‘z oldimizda turgandek.
Live
Barchasi