Myanmadagi dahshatli zilzila qurbonlari soni 3 mingdan oshdi

Olam

image

Myanmada vayronkor zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 3 mingdan oshdi. Mamlakatning harbiy hukumati favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etishda yordam ko‘rsatish maqsadida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishini e’lon qildi. Bu haqda “Sinxua” xabar berdi.

Myanma harbiy xuntasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bugun, 3 aprel holatida zilzila qurbonlari soni 3085 kishiga yetgan, yana 4715 kishi jarohat olgan.

Mamlakatda 1 apreldan boshlab bir haftalik motam e’lon qilingan.

CNN xabariga ko‘ra, Myanmada to‘rt yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushi sharoitida harbiy hukumat vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish haqida e’lon qilgan. Hozir barcha kuchlar favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan.

“Mamlakat bo‘ylab zilzila qurbonlariga hamdardlik belgisi sifatida, shuningdek samarali qutqaruv operatsiyasini ta’minlash va tiklash ishlari uchun sulh 22 aprelgacha davom etadi”, deb xabar bergan Myanma davlat televideniyesi.

“Euronews” ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy isyonchi guruhlar ham bir oylik sulh e’lon qilgan. Ular 2021 yil 1 fevraldagi harbiy to‘ntarish oqibatida ag‘darilgan “Milliy birlik hukumati” tomonida turib harakat qilmoqda.

Boshqa tomondan, BMT zilzila jabrlangan hududlarida ichimlik suvi tanqisligi va yuqumli kasalliklarning ko‘payishi haqida ogohlantirmoqda. Gumanitar tashkilotlar har ikki tomonni sulhga chaqirib, yordam yetkazishni yengillashtirishni so‘ramoqda.

“To‘ntarish va undan keyingi mojaro sog‘liqni saqlash infratuzilmasini vayron qildi, oqibatda mamlakat kuchli tabiiy ofatlarga qarshi kurashishga yetarlicha tayyor emas edi. Endi esa yo‘llar va ko‘priklar ham jiddiy zarar ko‘rgan”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 28 mart kuni Myanmada kuchli zilzila yuz bergandi. AQSH geologik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, zilzilaning magnitudasi 7,7 ni tashkil qilgan. 7,7 magnitudali dastlabki zilziladan so‘ng, 6,4 magnitudali kuchli takroriy silkinish ham qayd etilgan. Shundan keyin Myanma favqulodda holat rejimini e’lon qildi. Tez orada Tailand poytaxti Bangkok ham favqulodda zona deb e’lon qilindi. Seysmik xizmatlar ma’lumotiga ko‘ra, Janubi-Sharqiy Osiyoda birinchi kuchli zilziladan so‘ng 37 ta takroriy silkinish qayd etilgan.

30 mart kuni Myanma rasmiylari 1644 kishi halok bo‘lgani, 3408 kishi jarohatlangani haqida ma’lum qilgan edi. Keyinchalik qurbonlar soni 2719 kishiga yetdi, yana 4512 kishi jarohat oldi.  

Myanma Bosh vaziri Min Aung Xlayn vayronkor zilziladan so‘ng mamlakatda milliy motam e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

M'yanma zizlila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing