Myanmadagi zilzila qurbonlari 1600 dan oshdi
Olam
−
29 mart
2491Kecha, 28 mart va bugun, 29 mart kunlari Myanmada sodir bo‘lgan zilzila oqibatida 1644 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda rasmiylarga tayanib, “France 24” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, halok bo‘lganlardan tashqari yana 139 kishi bedarak yo‘qolgan, 3,4 ming kishi jabrlangan. Bedarak yo‘qolganlarning topilishiga rasmiylar ham umid bildirmay qo‘ygan.
Ko‘plab shaharlarda elektr energiyasi mavjud emas. Shu sababli ko‘plab mahalliy OAVlar o‘z faoliyatini to‘xtatib turishga majbur bo‘lgan.
Shahar aholisi muntazam yer silkinishlaridan keyin tunni ko‘chalarda o‘tkazgani aytilmoqda.
Myanmaning g‘arbiy qo‘shnisi Hindiston bugun, 29 mart kuni ertalab zilziladan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududga gumanitar yordam jo‘natgan. Qolaversa, mamlakatga AQSHning ham yordami kelishi kutilmoqda.
Silkinishlar Xitoy, Tailand va Vetnamda sezilgan. Bangkokda qurilayotgan bino qulab tushgan, 10 kishi halok bo‘lgani va kamida 50 kishi jarohatlangani ma’lum. Tailand hukumati mamlakat poytaxtida favqulodda holat rejimini e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Myanmada kuchli zilziladan so‘ng yana bir 5,1 magnitudali zilzila qayd etilgani haqida xabar berilgandi.