Lukashenko va Armaniston sobiq Prezidentining maxfiy suhbati audiosi tarqaldi
Olam
−
08 dekabr 2020
16561Ijtimoiy tarmoqlarda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko va Armanistonning sobiq Prezidenti Serj Sargsyan o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqot audiosi tarqaldi. Prezidentlar Tog‘li Qorabog‘ muammosini muhokama qilgan.
Suhbat chog‘ida Lukashenko Sargsyanga Tog‘li Qorabog‘ uchun Ozarbayjondan 5 mlrd dollar so‘rashni taklif qilgan va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bunga rozi bo‘lishini aytgan. Ammo Sargsyan bunga rad javobini beradi va Ozarbayjon 7 tumandan (Tog‘li Qorabog‘dagi) voz kechishi uchun 6 mlrd dollar berishga tayyorligini bildiradi.
Sargsyan 7 ta tumanni rasmiy Bakuga topshirolmasligini u yerda 5 ming askar qoni to‘kilgani bilan izohlaydi. Shuningdek, u Ozarbayjon yo‘llarni to‘sib qo‘yishini ham qo‘shimcha qiladi.
“Men bunday qilolmayman. Negaki 7 ta tuman o‘sha yerda halok bo‘lgan 5 ming askar bilan zabt etilgan”, deydi Armanistonning sobiq Prezidenti.
Bunga javoban Lukashenko 30 mln kishi Germaniya bilan urushda halok bo‘lganini aytadi.
“Nima qilibdi? Bizda 30 million o‘lgan, biz nemislar bilan urushmayapmiz-ku”, degan Belarus rahbari.
Sargsyan ham bunga munosib javobni bergan. “Bizda ham kam o‘lmagan. Faqatgina Belarus uchun 30 ming (arman)”, degan armanlar sobiq yetakchisi.
Lukashenko suhbat asnosida Armaniston tumanlarni qaytarsa Rossiya bilan 20 ming tinchlikparvar kuchlarni kiritishini aytadi.
Armaniston sobiq Prezidenti Serj Sargsyanning ofisi Telegram`dagi “Bagramyan” kanalida e’lon qilingan audioyozuvning haqiqiyligini tasdiqladi. Lukashenko va Sargsyan muloqoti 2016 yilda bo‘lib o‘tgan.
“2016 yil 14 oktyabr kuni Yerevanda o‘tgan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) kengashining tor doiradagi yig‘ilishida yozib olingan Prezidentlar muloqoti qanday qilib internetga tarqalganini tushunolmadim. Armanistonning uchinchi Prezidenti devoni e’lon qilingan audioyozuvni fakt sifatida qabul qiladi va izoh berishdan tiyiladi. Negaki yopiq shaklda o‘tkazilgan muloqotga izoh berish mumkin emas”, deyilgan tarqatilgan bayonotda.
Audioyozuv qanday qilib internetga tarqatilgani hozircha noma’lum.
Qayd etish kerakki, hozir Armanistonda Bosh vazir Nikol Pashinyanga qarshi muxolifat harakati avj olgan. Armanlar Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari tomonidan imzolangan bayonot shartlaridan norozi.
Muxolifat yetakchilari orasida Armaniston Milliy xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Artur Vanetsyan ham bor. U 2018-2019 yillarda maxfiy tashkilotga rahbarlik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 sentyabr kuni Armaniston va Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni boshlagandi. Har ikki tomon ham bir-birini tashviqotda ayblab, to‘liq yoki qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgandi.
Joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni allaqachon boshladi.
Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.
Keyinchalik, Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvar kuchlar nazoratidagi hududlarda minalardan tozalash ishlarini davom ettirayotgani xabar qilindi.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya qo‘shinlari Qorabog‘da besh yildan ko‘proq qolishidan umidvorligini bildirdi. Pashinyan TASS nashriga bergan intervyusida ushbu besh yillik davr nimaga asoslanib belgilangani va shu vaqt ichida nimalar qilish kerakligi haqida gapirdi.
Pashinyanga ko‘ra, Rossiya tinchlikparvar kuchlari mintaqada xavfsizlik va barqarorlik kafolatlarini yaratishi zarur. Uning qo‘shimcha qilishicha, RTKning Tog‘li Qorabog‘da bo‘lish muddati besh yil bilan cheklanib qolmaydi.
LiveBarchasi