Lukashenko Rossiya-Ukraina masalani Belarussiz yechib bo‘lmasligiga qattiq ishonyapti
Olam
−
07 aprel 2022
5948Belarus ishtirokisiz Rossiya-Ukraina o‘rtasida muzokaralar olib borilishi mumkin emas. Bu haqda mamlakat fuqarosi Aleksandr Lukashenko bugun, 7 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ta’kidladi.
“Belarus ishtirokisiz muzokaralar olib borilmaydi. Muzokaralarga G‘arb davlatlari jalb qilgani uchun, albatta, Belarusning pozitsiyasi ham bildirilishi kerak”, deydi u.
Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga “G‘arbning niyatiga zid” bo‘lgan ushbu pozitsiyani amalga oshirish topshirilgan.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bu Minsk Moskva bilan “bir savatga joylashtirilgani”dan emas, balki bu urush panjara ortidan o‘tib, Belarusdagi vaziyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganidan kelib chiqadi.
“Shuning uchun Belarus ortida alohida kelishuvlar bo‘lishi mumkin emas. Rossiya bu pozitsiyani to‘g‘ri tushunishini bilaman va bunga mutlaqo ishonaman”, deydi u.
Shuningdek, Lukashenko “uchta slavyan xalqini” muzokaralar stoliga o‘tirib, kelishuvga erishishga chaqirdi. Bundan tashqari, u yaqin orada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Belarusda Rossiya-Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida uch marta yuzma-yuz muzokaralar bo‘lib o‘tdi, unda tomonlar tinch aholini jangovar zonalardan evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklarni ochishga kelishib oldi. Yana bir uchrashuv Istanbulda bo‘lib o‘tdi. U yerda Ukraina delegatsiyasi Rossiyaga tinchlik shartnomasi bo‘yicha yozma takliflarni topshirdi va Rossiya Kiyev va Chernigov yo‘nalishlarida harbiy faollikni kamaytirishga rozi bo‘ldi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi