Lukashenko ham Shavkat Mirziyoyevga o‘z tilaklarini aytdi

Jamiyat

image

Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, suhbat avvalida Belarus yetakchisi davlat rahbarini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘liq, tuganmas kuch-g‘ayrat, davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilagan.

O‘zbekiston – Belarus strategik sheriklik munosabatlarini O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 8-9 iyul kunlari Minsk shahriga amalga oshirgan rasmiy tashrifida erishilgan kelishuvlarni bajarish doirasida yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, suhbatda turli darajalarda samarali muloqotlar olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Bildirilishicha, ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda hamda ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbarlari muloqotda faol tus olgan hududlararo hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 69 yoshga to‘ldi.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.

Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.

1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatgan.

1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlangan. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan.

Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib borgan.

Shavkat Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlangan va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlangan.

U 2016, 2021 va 2023 yillarda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston Prezidenti etib saylangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an O‘zbekiston rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing