Lola Karimova otasining qabrini ziyorat qilish uchun O‘zbekistonga keldi
Jamiyat
−
02 Sentabr
16806O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva otasining qabrini ziyorat qilish uchun O‘zbekistonga keldi. Bu haqda u o‘zining Instagram’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Lola Karimova-Tillyayeva Samarqandga bordi va Hazrati Hizr majmuasida bo‘lib, Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi.
U ayni vaqtda ham Samarqandda bo‘lib turibdi. Buni Instagram’dagi sahifasida e’lon qilgan storislaridan ham ko‘rish mumkin. Lola Karimova-Tillyayeva otasi yashagan hovlidan nonushta qilgani va Registon majmuasiga borgani aks etgan videolarni o‘z sahifasida e’lon qildi.
Qayd etish joizki, Lola Karimova-Tillyayeva otasining vafotidan so‘ng, turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. U masofadan turib, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondini boshqarib keladi. Lola Karimova AQSHda "The Harmonist" attorlik buyumlari brendiga asos solgan.
Ma’lumot uchun, Islom Karimov 2016 yilning 2 sentyabr kuni og‘ir xastalik sabab 78 yoshida vafot etgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mazkur sana Islom Karimovni xotirlash kuni, deya e’lon qilingan. Prezidentning 2017 yil 25 yanvardagi qaroriga muvofiq, Birinchi Prezident xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ishlar qilingan. Mamlakatdagi yirik majmualar, shaharlardagi markaziy ko‘chalarga Islom Karimov nomi berilgan. Toshkentda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil qilinib, Samarqandda maqbara barpo etilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 26 avgust kuni Samarqandga tashrifi chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyev Hazrati Hizr majmuasida ham bo‘lib, mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasiga gul qo‘ygandi. Qur’on oyatlari tilovat etilib, duo o‘qilgandi. Bugun O‘zbekistonning sobiq birinchi xonimi Tatyana Karimova ham Birinchi Prezident Islom Karimovning xotirasini yod etib, uning qabriga gul qo‘ydi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev, Tatyana Karimova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, jamoatchilik vakillari Toshkent shahridagi Birinchi Prezident haykaliga gullar qo‘ydi.