Karimov o‘zbeklarni dunyodan uzib qo‘ydi, unga haykal qo‘yish kerak – Akayev (video)
Olam
−
27 iyun 100109 2 daqiqa
Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning siyosati haqida gapirib, “unga Qirg‘izistonda haykal qo‘ygan bo‘lar edim”, deya fikr bildirdi. Bu haqda u “Exclusive.kg” podkastida so‘z ochdi.
Akayevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Karimov davridagi yopiq siyosati o‘z vaqtida qo‘shni davlatlar, jumladan, Qirg‘iziston va Qozog‘iston tadbirkorlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratgan.
Uning qayd etishicha, 1990-yillarda u qirg‘izistonlik tadbirkorlar bozor mexanizmlarini o‘zlashtira olishi va o‘zbek biznesi bilan raqobatlasha olishiga shubha qilgan. Agar o‘sha paytda O‘zbekiston xuddi hozirgi Prezident Shavkat Mirziyoyev davridagidek ochiqroq siyosat olib borganida, qirg‘iz biznesmenlari uchun raqobatga bardosh berish ancha qiyin bo‘lar edi.
“Hammamiz Islom Karimovdan minnatdor bo‘lishimiz kerak. U O‘zbekistondagi o‘zbeklarni dunyodan uzib qo‘ydi. Shu orqali u qirg‘izlar va qozoqlar uchun imkoniyatlar yaratdi. Buning uchun men Islom Karimovga Qirg‘izistonda haykal qo‘ygan bo‘lardim”, deydi Akayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, aynan shu tufayli qirg‘izistonlik tadbirkorlar bozor mexanizmlarini o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Asqar Akayev 2005 yil 24 mart voqealaridan keyin Qirg‘izistonni tark etgan va o‘sha yilning 3 aprelida rasman iste’foga chiqqan. 2021 yilda u “Qumtor” oltin koni bo‘yicha jinoyat ishi doirasida ko‘rsatma berish uchun Qirg‘izistonga kelgan va o‘shanda loyihani amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun xalqdan oshkora uzr so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilning iyun oyida Akayev Issiqko‘l xalqaro forumida ham ishtirok etib, unda Qirg‘izistonning amaldagi Prezidenti Sadir Japarovga yana bir prezidentlik muddatini berishni taklif qilgandi. U buni iqtisodiy islohotlarni davom ettirish zarurligi bilan izohlab, “iqtisodiy mo‘’jiza” rejasini amalga oshirish uchun kamida 8-10 yil talab etilishini aytib o‘tgan.
Live
Barchasi