Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘ydi

Jamiyat

image

Bugun, 2 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni xotirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Birinchi Prezident haykali poyiga gulchambar qo‘ygan.

Islom Karimov mamlakat tarixining g‘oyat murakkab va mas’uliyatli davrida O‘zbekistonga rahbarlik qilgan. Uning nomi mustaqillikning qo‘lga kiritilishi, milliy davlatchilikning tiklanishi va mamlakatning mustaqil taraqqiyot yo‘liga chiqishi bilan uzviy bog‘liq.

“Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimiz, muqaddas dinimiz, ona tilimiz, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.

Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.

Shu ma’noda, mustaqilligimizning poydevorini yaratishga, mamlakatimiz tinchligi va barqarorligini ta’minlashga, xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilishga katta hissa qo‘shgan insonlar xotirasini e’zozlash muhim ma’naviy qadriyatdir”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning e’tibori bilan Birinchi Prezidentning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan. Toshkentda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil etilgan. Samarqandga tashriflar chog‘ida uning maqbarasini ziyorat qilish ezgu an’anaga aylangan.

Marosimda Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qilgan. Islom Karimovning mamlakat mustaqilligi, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, xalq farovonligini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlari yodga olingan.

Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar vakillari, ziyolilar va Toshkent shahri jamoatchiligi ham Birinchi Prezident haykali poyiga gullar qo‘ygan.

Xotira tadbirlari Samarqand va Qarshi shaharlarida ham bo‘lib o‘tgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing