Litsenziyasiz qolayotgan “Million”, Toshkentdagi YTHlar, rus aviabazasiga hujum va boshqa xabarlar
Jamiyat
−
13 iyul 2019
635413 iyul sanasi ham nihoyasiga yetyapti. Quyida bugunning eng muhim voqealariga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Markaziy bank va Moliya vazirligi raddiya bilan chiqdi
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bankining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining Bloomberg xalqaro axborot kanali jurnalistiga bergan intervyusi yuzasidan qo‘shma izoh berdi.
IIVda navbatdagi tayinlov amalga oshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Markaziy apparatida rahbarlik lavozimiga tayinlov amalga oshirildi.
Vazirlik Matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga podpolkovnik Mansur Abdug‘afurovich Sattorov tayinlandi.
Eng ko‘p abituriyent hujjat topshirgan OTM ma’lum bo‘ldi
O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar soni 800 ming nafardan oshdi. Bugungi kunda quyidagi oliy ta’lim muassasalari, ta’lim yo‘nalishlari va hududlarga abituriyentlar tomonidan katta qiziqish bildirilmoqda. Abituriyentlarning eng ko‘p ro‘yxati qayd etilgan (tanlov) oliy ta’lim muassasalari 3 taligi:
1) Andijon tibbiyot instituti bir o‘ringa 18,69 nafar abituriyent;
2) O‘zbekiston milliy universiteti Jizzax filiali bir o‘ringa 18.57 nafar abituriyent;
3) Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali bir o‘ringa 15.11 nafar abituriyent.
Rafiqasining yo‘qolib qolganini ma’lum qilgan erkak aslida uning qotili bo‘lib chiqdi
Joriy yilning 20 may kuni Jizzax shahrida istiqomat qiluvchi 53 yoshli erkak ichki ishlar organiga o‘z rafiqasining Toshkentga ketib bedarak yuqolgani borasida murojaat qiladi.
Ma’lum bo‘lishicha, shaharning “Navro‘z” mahallasida yashovchi fuqaro T.Sh. o‘z arizasida shu yilning 1 may kuni Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Shota Rustavelli ko‘chasidagi uylardan birida doimiy ro‘yxatda turgan 1965 yil tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i S.M. uyidan poytaxtga boraman deb chiqib ketib, qaytib kelmagani ma’lum qilingan.
O‘zbekistonlik mexaniklar Lamborghini yig‘ishni yo‘lga qo‘ydi
O‘zbekistonda ikki havaskor-mexanik Lamborghini Aventador avtomobilini seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Afsonaviy avtomobilning dastlabki modellarini avtohavaskorlar o‘z qo‘llari bilan garajda yig‘gan. Ushbu loyiha mualliflaridan birining so‘zlariga ko‘ra, ularga bir nechta buyurtma ham bo‘lgan. Hozircha birgina Aventador`ning kuzovi yig‘ilgan.
Rossiyaning aviabazasiga hujum uyushtirildi
Jangarilar Rossiyaning Suriyadagi Xmeymim aviabazasiga hujum qilishga urindi. Bu haqda Suriyada urushuvchi tomonlarni yarashtirish bo‘yicha markaz rahbari general-mayor Aleksey Bakin ma’lum qildi. Kecha, 12 iyul kuni havo hujumiga qarshi mudofaa qurilmalari aviabaza yaqinida uchta dronni yo‘q qilgan. Voqeada hech kim jabrlanmagan, aviabaza shtat rejimida ishlayapti.
Bositxonovaning bozorchi ayollar haqidagi gaplariga izoh berildi
O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova bozorlarda ishlaydigan ayollarda ma’naviyat va ma’rifatdan yiroqligini ta’kidlagandi. Bositxonova endilikda bozorlarda qo‘mitaning boshlang‘ich tashkiloti tuzilishini aytgandi.. Bozorda ishlaydigan ayollar ma’rifatsiz “bozorchi ayol” nomiga munosib bo‘lmasliklari uchun boshlang‘ich tashkilot xonasida ular bilan ma’rifiy suhbatlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgani ma’lum qilingandi.
Ammo Bositxonovaning aytganlari ijtimoiy tarmoqlar va OAVda turlicha talqinlarga sabab bo‘lgach, Xotin-qizlar qo‘mitasi noto‘g‘ri talqinga, to‘g‘ri munosabat bilan javob qaytardi.
30 ming dollarga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan ayol ushlandi
Toshkent shahrida 54 yoshli ayol oliy ta’lim muassasiga kiritib qo‘yaaman deb fuqarodan 30 ming AQSH dollari olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. 2019 yil 12 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentidan tushgan hujjatlar to‘plamiga ko‘ra, 25 iyun kuni Yunusobod tumani Shaxriston ko‘chasida yashovchi muqaddam sudlangan 54 yoshli X.A. ismli ayol, 30 000 AQSH dollari evaziga 44 yoshli M.G. ismli ayolning o‘g‘lini Toshkent Davlat Yuridik universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish maqsadida M.G.dan Yakkasaroy tumani Sh.Rustaveli ko‘chasida kelishilgan pulning hammasini olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Toshkentda mudhish YTH sodir bo‘ldi
Bugun, 13 iyul kuni tongda Toshkent shahri Yunusobod tumanida mudhish yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Soat 03:30larda Toshkent shahrining Mirobod tumani Qo‘yliq ota ko‘chasida yashagan 35 yoshli T.N. boshqaruvidagi Matiz rusumli avtomashinasini Yangi Yunusobod ko‘chasida haydab ketayotib, yo‘lning o‘ng chetida to‘xtab turgan MAN rusumli yuk avtomashinasining orqa qismiga urilib, to‘qnashuv sodir etgan.
“O‘zbekkonsert” “Million”ning litsenziyasini nega bekor qilmoqchi?
“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi "Million" jamoasiga 187.727.980 so‘m qarzdorlik bo‘yicha to‘lovlarni joriy yilning 16 iyuliga qadar amalga oshirmasa jamoa bilan tuzilgan litsenziya shartnomasi bekor qilinishi bo‘yicha rasmiy ogohlantirish xati yubordi.
“Minor” masjidida katta miqdorda pul o‘g‘irlandi
Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi “Minor” jome masjidida o‘g‘rilik sodir etildi. Voqea joriy yilning 8 iyul kuni soat 13:00 da sodir bo‘lgan. “Minor” masjidida 18 yoshli Bilol X. va uning 2 nafar jinoiy sheriklari bilan qiymati 70 AQSH dollariga teng bo‘lgan va 25 yoshli Sunnatillo O.ga tegishli bo‘lgan sumkani o‘g‘irlagan. Sumkada Powerbank, barsetka, mobil telefon, aviachipta, milliy va xorijiy valyutada katta miqdorda pul bo‘lgan.
Toshkentdagi mudhish YTHlar
Bugun, 13 iyul kuni poytaxtda yuz bergan ikki mudhish yo‘l-transport hodisasida 3 kishi halok bo‘ldi. Yunusobod tumanida yuz bergan YTHda 35 va 32 yoshli erkaklar halok bo‘ldi.
Shayxontohur tumanida yuz bergan YTHda 9 yoshli qizaloq halok bo‘ldi. Voqea bola yo‘lning qatnov qismiga kutilmaganda chiqishi ortidan yuz bergani aytildi.
LiveBarchasi