Lavrov rus tilini MDHda faol yoyishga va’da berdi

Olam

image
Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasida rus tilining mavqei o‘zgartiriladi north_east

Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasida rus tilining mavqei o‘zgartiriladi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlarda rus tilini o‘rganishni faol targ‘ib qiladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bugun, 11 fevral kuni Davlat dumasida bo‘lib o‘tgan hukumat soatida ma’lum qildi.

Lavrov Rossiya tashqi siyosat idorasi MDHdagi mavqedoshlariga ta’lim sohasida hamkorlikning turli shakllarini taklif qilishga tayyorligiga e’tibor qaratgan. 

“TIV bu ishda bundan keyin ham faol ishtirok etadi, bu juda istiqbolli. Yangi xalqaro tashkilot doirasida ham, boshqa formatlar doirasida ham rus tilini targ‘ib qilish jarayonlari bilan birgalikda, bu ishning yaxshi istiqbollari bor, deb hisoblayman”, deydi Lavrov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, MDHda amaliyotda kichik ijobiy siljishlar mavjud, ular orasida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov tashabbusi bilan boshlangan Rossiya-Qirg‘iziston loyihasi alohida ajralib turadi. 

“U ta’lim dasturlari, maktab va oliy o‘quv yurtlari dasturlarini uyg‘unlashtirishni nazarda tutadi. Bishkekda bu mavzuda bir marotaba tadbir o‘tkazildi, yangi uchrashuv tayyorlanmoqda. Bu tadbirlar yakuni bo‘yicha umumlashmalar, xulosalar chiqariladi, prezidentlarga axborot beriladi”, deydi Lavrov. 

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 2025 yilning 22 aprel kuni O‘zbekistonga keldi. Sergey Lavrovni Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kutib oldi. 23 aprel kuni u Samarqand shahridagi “Motamsaro ona“ haykali poyiga gul qo‘yish chog‘ida u yerda yozilgan gaplar rus tilida ham keltirilmaganini aytib, norozi bo‘ldi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov mazkur holatga munosabat bildirib, rus siyosatchilari O‘zbekistonda rus madaniyati va rus tiliga bo‘lgan munosabatni yomonlashtirish uchun hamma yo‘llarni sinab ko‘rayotganini aytdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev esa Lavrovning taklifini “Moskvadagi Qizil maydonga o‘zbekcha yozilsa, keyin o‘ylab ko‘rish mumkin”ligini bildirdi.

Ma’lumot uchun, rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzish 2023 yil 13 oktyabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari rahbarlari sammitida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan taklif qilingan.

Keyinchalik, sammitda MDH davlatlari rahbarlari rus tilini millatlararo muloqot tili sifatida qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilish to‘g‘risidagi bayonni hamda “Xalqaro rus tili tashkilotini ta’sis etish to‘g‘risida”gi shartnomani imzolagan.

O‘zbekiston 2024 yilning noyabr oyida rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilotni ta’sis etish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qildi.


Maqola muallifi

Teglar

rus tili Sergey Lavrov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing