Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasida rus tilining mavqei o‘zgartiriladi
Olam
−
15:27 1574 2 daqiqa
Qozog‘istonda rus tilidan foydalanish bo‘yicha ifoda yangi Konstitutsiya loyihasida o‘zgartirildi. Bu haqda respublika Konstitutsiyaviy sudi raisi o‘rinbosari Baxit Nurmuhammedov ma’lum qildi.
31 yanvar kuni konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha komissiya Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi loyihasini e’lon qilgan edi. 9-moddada davlat tashkilotlari va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarida qozoq tili bilan “teng ravishda” rus tilidan ham rasmiy foydalanilishi yozilgan edi. Endilikda “teng ravishda” so‘zi “bilan bir qatorda” iborasiga almashtiriladi.
“Yangi Konstitutsiyaning to‘qqizinchi moddasida “teң” (“teng”) so‘zi “qatar” (“bir qatorda”) so‘ziga almashtirildi”, deydi Nurmuhammedov konstitutsiyaviy komissiyaning o‘ninchi yig‘ilishida.
Uning tushuntirishicha, hukumat, parlament, Prezident administratsiyasi mutaxassislari, tilshunoslar va boshqa ekspertlar yangi Konstitutsiya loyihasiga terminologik va semantik yagona yondashuvni ta’minlash maqsadida tahririy hamda uslubiy o‘zgartirishlar kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev joriy yilning 21 yanvar kuni konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha komissiya tuzish haqidagi farmonni imzolagan edi. Komissiya muntazam yig‘ilishlar o‘tkazib, parlament islohoti bo‘yicha takliflarni tahlil qilmoqda hamda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar tayyorlamoqda. Ish jarayonida komissiya a’zolari Asosiy qonunning barcha bo‘limlari va 77 ta moddasiga taalluqli takliflarni batafsil ko‘rib chiqqan, bu hujjat matnining 84 foizini tashkil etadi.
Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar:
1998 yilda – prezident va parlament deputatlarining vakolat muddatlari uzaytirildi. 2007 yil – proporsional saylov tizimiga o‘tildi va Birinchi Prezidentga cheksiz marta saylanish huquqi berildi. 2011 yil – muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish tartibi belgilandi. 2017 yil – ayrim prezidentlik vakolatlari parlament va hukumatga o‘tkazildi. 2019 yil – poytaxt nomi Nur-Sulton deb o‘zgartirilishi munosabati bilan tuzatish kiritildi. 2022 yil – umumxalq referendumi orqali Konstitutsiyaning uchdan bir qismi (33 ta modda) o‘zgartirildi. Prezidentlik muddati 7 yil – bir martalik etib belgilandi.
Live
Barchasi