Rasman: Qozog‘istonda yana konstitutsiyaviy o‘zgarishlarga start berildi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha komissiya (Konstitutsiyaviy komissiya) tuzish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Farmon matni kecha, 21 yanvar kuni davlat rahbari saytida e’lon qilindi. 

Qayd etilishicha, komissiya Konstitutsiyaviy islohot bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish maqsadida tashkil etilmoqda. 

Farmon bilan komissiya to‘g‘risidagi nizom va uning tarkibi tasdiqlandi, uning ijrosini nazorat qilish esa Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga yuklatildi. Hujjat imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi. 

Konstitutsiyaga o‘zgaritirishlar kiritish va bu bo‘yicha komissiya tuzish haqida To‘qayev 20 yanvar kuni Qizilo‘rdada bo‘lib o‘tgan Milliy qurultoyning V yig‘ilishidagi chiqishi chog‘ida aytgan edi. O‘shanda davlat rahbari bu ishlar ko‘lami bo‘yicha yangi Konstitutsiyani qabul qilish bilan barobar ekanini urg‘ulagan. 

Prezident Konstitutsiyaviy komissiya tarkibiga 100 dan ortiq kishi, jumladan, Milliy qurultoy a’zolari, taniqli huquqshunoslar, ommaviy axborot vositalari rahbarlari, maslihatlar raislari, hududiy jamoatchilik kengashlari vakillari va boshqa mutaxassislar kirishini ma’lum qildi. Komissiya ishiga Konstitutsiyaviy sud raisi Elvira Azimova, rais o‘rinbosarlari – davlat maslahatchisi Yerlan Karin va Bosh vazir o‘rinbosari – madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva rahbarlik qiladi. Komissiya kotibi etib prezident ma’muriyati davlat-huquq bo‘limi mudiri Aydar Jarilg‘anov tayinlandi. 

Eslatib o‘tamiz, 20 yanvar kuni Qizilo‘rdada bo‘lib o‘tgan Milliy qurultoyning V yig‘ilishida Prezident To‘qayev mamlakat bir palatali parlament tizimiga qaytishi va u Qurultoy deb nomlanishi, vitse-prezident lavozimi tiklanishi, davlat maslahatchilari lavozimi tugatilishi, shuningdek, Konstitutsiyaga qator o‘zgartirishlar kiritilishini aytgan edi. 

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi bugungacha 6 marta o‘zgargan va so‘nggi o‘zgarish 2022 yilda bo‘lgan edi. 

Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar:

1998 yilda – prezident va parlament deputatlarining vakolat muddatlari uzaytirildi. 2007 yil – proporsional saylov tizimiga o‘tildi va Birinchi Prezidentga cheksiz marta saylanish huquqi berildi. 2011 yil – muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish tartibi belgilandi. 2017 yil – ayrim prezidentlik vakolatlari parlament va hukumatga o‘tkazildi. 2019 yil – poytaxt nomi Nur-Sulton deb o‘zgartirilishi munosabati bilan tuzatish kiritildi. 2022 yil – umumxalq referendumi orqali Konstitutsiyaning uchdan bir qismi (33 ta modda) o‘zgartirildi. Prezidentlik muddati 7 yil – bir martalik etib belgilandi

 


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing