“Krokus” terakti bo‘yicha ayrim gumonlanuvchilar aybiga iqror bo‘ldi – OAV

Olam

image

Avvalroq, Moskva shahridagi Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida sodir etilgan terakt bo‘yicha jinoiy ishning mazmun-mohiyatini ko‘rib chiqishni boshlagani xabar qilingandi. Prokuror ayblov xulosasini o‘qib eshittirgach, teraktni sodir etgan to‘rt nafar gumonlanuvchidan uch nafari o‘z ayblariga to‘liq, yana biri qisman iqror bo‘ldi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Sud boshlanganidan ko‘p o‘tmay, prokuror talabiga binoan sud jarayoni yopiq tarzda o‘tkazildi. Prokuror sud majlisi ishtirokchilariga nisbatan real tahdid mavjudligini, bu esa ishni ochiq rejimda ko‘rib chiqishni imkonsizligini ta’kidladi.

Ishda 19 nafar sudlanuchi bor, ular orasida teraktning bevosita ishtirokchilari ham, ularning sheriklari ham mavjud: Fariduni Shamsiddin, Dalerjon Mirzoyev, Muhammadsobir Fayzov, Saidakram Murodali Rachabalizoda, Umidjon Soliyev, Mustakim Soliyev, Shahromjon Gadoyev, Zubaydul Zubaydul, K. Sharifzoda, Yoqubjoni Davlatxon Yusufzoda, Nazrimad Lutfulloi, Jumaxon Qurbonov, Husayn Medov, Jabroil Aushe, Alisher Qosimov, shuningdek, Isroil, Dilovar va Aminjon Islomovlar. Ularning barchasi Rossiya Federatsiyasidagi terrorchilar ro‘yxatiga kiritilgan.

Tergovning fikricha, teraktning bevosita ijrochilari Tojikiston fuqarolari Shamsidin Fariduni, Dalerjon Mirzoyev, Muhammadsobir Fayzov va Saidakram Murodali Rachabalizoda bo‘lgan. Ikkinchisi, ayblov xulosasidan so‘ng, o‘zining aybini qisman tan olganini – terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etganini aytdi. Biroq u terakt sodir etish aybloviga qo‘shilmagan. Shu bilan bugungi sud tugadi.

Qolgan 15 kishi terakt ijrochilarining sheriklari ekani aytilmoqda. Ular terrorchilik faoliyatini logistika, moliyalashtirish, qurol-yarog‘ o‘tkazish va boshqa yordamlarda ayblanmoqda. Sud majlislari haftada uch marta o‘tkaziladi. Keyingi ko‘rib chiqishda faqat sud jarayonining bevosita ishtirokchilari ishtirok etishlari mumkin, matbuot va tinglovchilarga kirish imkoniyati cheklanadi.

Ma’lumot uchun, Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zaliga hujum 2024 yilning 22 mart kuni taxminan soat 20:00 da sodir bo‘ldi. To‘rt nafar qurolli shaxs konsertga kelgan odamlarga qarata o‘q uzgan, auditoriyaga o‘t qo‘ygan, so‘ng binoni tark etib, mashinada qochib ketgan. Oqibatda 149 kishi halok bo‘ldi, 500 dan ortiq kishi yaralandi. 1,7 mingdan ortiq kishi jabrlanuvchi sifatida tan olingan, 800 dan ortiq kishi guvoh sifatida so‘roq qilingan.

1 noyabr kuni ushbu teraktda gumon qilingan yana 4 nafar shaxs aniqlandi. Ularning barchasi mamlakat tarkibidagi Ingushetiya Respublikasi fuqarolari. Ulardan ikki nafari hibsga olingan, yana ikki nafari qidiruvga berilgan. Gumonlanuvchilar – Husayn Medov, Jabroil Aushev va Xavaj-Bagaudin Aliyev Nazran tumanining Surxaxi qishlog‘ida tug‘ilgan va shu qishloqda ro‘yxatda turadi. Qolgan bir nafar gumonlanuvchi – Botir Kulayev esa Ekajevo qishlog‘idan ekani qayd etilgan. Medov (astma kasali bor, 2-guruh nogironi) va Aushev ushlanib, Moskvaga olib ketilgan. Ular teraktda ishtirok etganini rad etgan, biroq qurol va o‘q-dorilarning noqonuniy savdosiga aloqadorligini tan olgan. Aliyev va Kulayev qidiruvga berilgan.

Ushbu hujum zamonaviy Rossiya tarixidagi eng yirik teraktlardan biriga aylandi, ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘limi bo‘lgan “Viloyat Xuroson” guruhi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.

Huquq-tartibot idoralari teraktni sodir etish va uyushtirishda yordam berishda gumon qilingan 18 nafar shaxsni qo‘lga oldi, ularning aksariyati Tojikiston fuqarolari.

“Kommersant”ning ma’lum qilishicha, konsert zalining ikki xodimi ham Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 238-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish) 3-qismi bo‘yicha jinoiy ish bo‘yicha ayblanuvchiga aylangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Tergov qo‘mitasi “Krokus Siti Holl” konsert zalida 2024 yilning 22 mart kuni sodir etilgan terrorchilik hujumi yuzasidan tergovni yakunlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Krokus Siti Holl Dalerjon Mirzoev Muhammadsobir Fayzov harbiy sud Shamsidin Fariduni Saidakram Murodali Rachabalizoda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing