“Krokus” ishi bo‘yicha tergov yakunlandi

Olam

image

Rossiya Tergov qo‘mitasi “Krokus Siti Holl” konsert zalida 2024 yilning 22 mart kuni sodir etilgan terrorchilik hujumi yuzasidan tergovni yakunladi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, hujum “Ukraina tomonidan buyurtma qilingan”, tergovda jami 19 kishi ayblanuvchi sifatida ishtirok etgan.

Tergov ma’lumotiga ko‘ra, hujumni Afg‘oniston va Pokistonda faoliyat yurituvchi “Viloyat Xuroson” terrorchi guruhining a’zolari sodir etgan. Hujumni uyushtirishda ayrim gumondorlar xorijdan kelgan bo‘lib, tayyorgarlikni chet elda o‘tkazgan. Qolganlari esa Rossiya hududida turgan va terror akti uchun moliyaviy va texnik vositalar to‘plagan. Tergovda aytilishicha, ulardan ba’zilari qurol-yarog‘ni noqonuniy tayyorlab, terrorchilarga topshirgan.

Huquq-tartibot idoralarining bayonotida, jinoyat sodir etilgach, to‘rt nafar ijrochi Ukrainaga qochishga uringan, biroq ular Bryansk viloyatida qo‘lga olingan.

Tergov doirasida 19 nafar shaxsga nisbatan jinoiy ish sudga yuborilgan. 

Ular quyidagi moddalarga ko‘ra javobgarlikka tortilgan:

  • 205-modda – terroristik hujum;
  • 205.1 – terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish;
  • 205.3 – terrorchilik tayyorgarligi;
  • 205.5 – terrorchilik tashkiloti faoliyatini tashkil etish yoki ishtirok etish;
  • 222, 222.1 – qurol va portlovchi moddalar bilan noqonuniy muomala,
  • 223, 223.1 – qurol va portlovchi qurilmalarni noqonuniy yasash,
  • 30-modda 1-qism – terrorchilikka tayyorgarlik ko‘rish;
  • 205-modda 2-qism “a” bandi – oldindan til biriktirib sodir etilgan terroristik akt;
  • 322.3 – chet ellik shaxsni Rossiyada soxta ro‘yxatga qo‘yish;

Jinoiy javobgarlikka tortilayotgan shaxslar orasida Tojikiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlarining fuqarolari ham bor. 

Ma’lumot uchun, Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zaliga hujum o‘tgan yilning 22 mart kuni taxminan soat 20:00 da sodir bo‘lgandi. To‘rt nafar qurolli shaxs konsertga kelgan odamlarga qarata o‘q uzgan, auditoriyaga o‘t qo‘ygan, so‘ng binoni tark etib, mashinada qochib ketgan. Oqibatda 145 kishi halok bo‘ldi, 500 dan ortiq kishi yaralandi. 1,7 mingdan ortiq kishi jabrlanuvchi sifatida tan olingan, 800 dan ortiq kishi guvoh sifatida so‘roq qilingan.

1 noyabr kuni ushbu teraktda gumon qilingan yana 4 nafar shaxs aniqlandi. Ularning barchasi mamlakat tarkibidagi Ingushetiya Respublikasi fuqarolari. Ulardan ikki nafari hibsga olingan, yana ikki nafari qidiruvga berilgan. Gumonlanuvchilar – Husayn Medov, Jabroil Aushev va Xavaj-Bagaudin Aliyev Nazran tumanining Surxaxi qishlog‘ida tug‘ilgan va shu qishloqda ro‘yxatda turadi. Qolgan bir nafar gumonlanuvchi – Botir Kulayev esa Ekajevo qishlog‘idan ekani qayd etilgan. Medov (astma kasali bor, 2-guruh nogironi) va Aushev ushlanib, Moskvaga olib ketilgan. Ular teraktda ishtirok etganini rad etgan, biroq qurol va o‘q-dorilarning noqonuniy savdosiga aloqadorligini tan olgan. Aliyev va Kulayev qidiruvga berilgan.

Ushbu hujum zamonaviy Rossiya tarixidagi eng yirik teraktlardan biriga aylandi, ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘limi bo‘lgan “Viloyat Xuroson” guruhi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.

Huquq-tartibot idoralari teraktni sodir etish va uyushtirishda yordam berishda gumon qilingan 18 nafar shaxsni qo‘lga oldi, ularning aksariyati Tojikiston fuqarolari.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Krokus Siti Holl

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing