Moskvada “Krokus” terakti bo‘yicha sud boshlandi
Olam
−
04 avgust 5111 3 daqiqa
Moskva shahridagi Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida sodir etilgan terakt bo‘yicha jinoiy ishning mazmun-mohiyatini ko‘rib chiqishni boshladi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Sudya bugun, 4 avgust kuni ishni ko‘rish boshlanganidan so‘ng davlat qoralovchisining iltimosiga binoan sud majlislari yopiq eshiklar ortida o‘tkazilishini ma’lum qildi.
“Prokuratura tergov sirini saqlash va sud majlisi ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlash zarurligini asoslab, sud jarayonini yopiq o‘tkazishni talab qildi”, deb yozadi “Interfaks”.

Bu ishda jami 19 nafar ayblanuvchi bor, ular orasida fojiadan keyingi birinchi kunning o‘zidayoq hibsga olingan Dalerjon Mirzoyev, Saidakram Rajabalizoda, Shamsidin Fariduni va Muhammadsobir Faizov kabi hujumda gumonlanayotganlar bor. Ular terrorchilik harakatini sodir etish, terrorchilik faoliyatiga yordam berish, shuningdek, terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida tayyorgarlikdan o‘tish va boshqa jinoyatlarda ayblanmoqda.
“Sud majlisida ishtirokchilar ko‘pligi sababli sud majlislari Moskva shahar sudi binosida bo‘lib o‘tmoqda”, deb yozadi “Interfaks”.
Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl”dagi terakt Rossiya tarixidagi eng qonli teraktlardan biriga aylandi. 2024 yilning 22 martida qurolli shaxslar “Piknik” rok-guruhi konserti boshlanishidan oldin konsert zaliga bostirib kirib, tashrif buyuruvchilar va xodimlarga qarata o‘t ochgan, shundan so‘ng binoda yong‘in boshlangan.
Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, 147 kishi halok bo‘lgan, yana uch kishi bedarak yo‘qolgan, 550 kishi yaralangan. Yetkazilgan zarar 5,7 milliard rublni tashkil etdi.
Hodisa uchun javobgarlikni “Islomiy davlat” terrorchilik guruhining Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan bo‘limi – “Xuroson Viloyati” terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga oldi. Biroq FXX deyarli darhol teraktda “Ukraina izi” borligini e’lon qildi. Kiyev bu ayblovlarni qat’iyan rad etadi.
Tergov qo‘mitasining fikricha, xorijda bo‘lgan olti nafar fuqaro bevosita tashkilotchi bo‘lgan. Oradan roppa-rosa bir yil o‘tib, Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi teraktda “nodo‘st davlatning maxsus xizmatlari”ni aybladi va bevosita tashkilotchilar sifatida olti nafar “Markaziy Osiyo fuqarolari”ni ko‘rsatdi.
“Ular xorijda joylashgan, shuning uchun ular sirtdan hibsga olinib, qidiruvga berilgan”, deya xabar berdi tergovchilar.
Ularning taxminiga ko‘ra, bu olti nafar terrorchilik xurujining to‘rt nafar aybdorini Tojikistondan yollagan va ularni xorijda o‘qitishni tashkil qilgan. Tergov qo‘mitasining fikricha, teraktdan maqsad “Rossiyadagi vaziyatni beqarorlashtirish” bo‘lgan.
Bir yil ichida terrorchilikda ayblangan 19 kishi bilan tergov harakatlari olib borildi. Gumonlanuvchilarga pul, uy-joy, transport va qurol bilan yordam berganlar ham javobgarlikka tortildi.
“Krokus Siti Holl”dagi teraktdan so‘ng Rossiya hukumati muhojirlarga qarshi keng ko‘lamli kampaniya boshladi, shundan so‘ng Markaziy Osiyo davlatlari rasmiylari o‘z fuqarolariga Rossiyaga bormaslikni tavsiya qildi.
Live
Barchasi