Kremldagilar Telegram’dan rasmiy maqsadlarda foydalanmaydi – Peskov
Olam
−
28 avgust
3776
Avvalroq, Rossiyada davlat amaldorlari va barcha rasmiylarga Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy yozishmalarni o‘chirish bo‘yicha ko‘rsatma berilgani haqida xabar berilgandi. Shu bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml ma’muriyati messenjerlardan, jumladan, Telegram’dan rasmiy maqsadlarda foydalanmasligini ma’lum qildi.
Tadbirda “Pavel Durov Fransiyada hibsga olinganidan so‘ng Kreml rasmiylaridan haqiqatdan ham Telegram’dagi yozishmalarni tozalash aytilganmi” degan savol so‘ralgan. Bunga javoban Peskov davlat xizmatchilari messenjerlardan rasmiy maqsadlarda foydalanmasligi, ularning hech biri axborot xavfsizligi nuqtai nazaridan ishonchli emasligini ta’kidlagan.
“Yozishmalarni tozalash mutlaqo ahmoqlikdir. Prezident ma’muriyatida biz birorta messenjerdan rasmiy maqsadlarda foydalanmaymiz”, deydi u.
Shuningdek, Kreml voizi messenjerlardan rasmiy maqsadlarda foydalanish qoidalar va etikani buzish hisoblanishi, shuning uchun hech kim hech kimni biror narsani tozalashga chaqirmaganini qo‘shimcha qildi.
Ma’lumot uchun, Pavel Durov 24 avgust kuni kechqurun Parij aeroportida qo‘lga olingan. "Politico" nashriga ko‘ra, Fransiya hukumati Durovni hibsga olish uchun orderni 2024 yil 25 martda bergan. Shu bilan birga, uning akasi, Telegram asoschisi Nikolay Durovni hibsga olish uchun order berildi. Hibsga olish uchun orderlar “voyaga yetmaganlarning pornografik tasvirlarini egallash, tarqatish yoki ulardan foydalanishni taklif qilishda ishtirok etganlik” uchun chiqarilgan.
26 avgust kuni tushdan keyin Fransiya prokuraturasi 12 ta jinoyat bo‘yicha noma’lum shaxslarga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgani haqida press-reliz e’lon qildi. Ular orasida vakolatli organlar so‘roviga ko‘ra ma’lumot berishdan bosh tortish, voyaga yetmaganlarning pornografik tasvirlarini saqlashga sheriklik, giyohvand moddalarni tarqatishda ishtirok etish, xakerlik dasturlarini tarqatishda ishtirok etish kabilar bor.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq sudya Telegram asoschisi Pavel Durovni dastlabki so‘roq qilish va ehtimoliy ayblovlar uchun politsiya hibsxonasida ushlab turishni to‘xtatgani xabar qilindi.