Kremlda Qodirovning o‘limiga tayyorgarlik boshlandi
Olam
−
24 yanvar 28881 3 daqiqa
Kreml Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning ehtimoliy o‘limi ortidan hokimiyat vakuumi yuzaga kelishi muammosini hal qilish ustida ishlamoqda. Bu haqda Kreml va “Yedinaya Rossiya”ga yaqin manbaga tayanib, “Vajniye istorii” xabar berdi.
Manba hududdagi vaziyatni Qodirovning o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan og‘ir kasalligi haqidagi yangi xabarlar va yaqinda uning o‘g‘li – voris sifatida qaralayotgan 18 yoshli Adam Qodirov jarohat olgan YTH fonida nihoyatda og‘ir deb tavsiflaydi.
“Hozir Chechenistonda sodir bo‘layotgan barcha narsalar puxta yashirilmoqda, ammo u yerda juda murakkab jarayonlar ketyapti. Odamlarni qattiq qo‘rqitib qo‘yishgan, hech kim bo‘layotgan voqealar haqida gapirmayapti. Aholiga “agar qandaydir ma’lumot sizib chiqishi bo‘lsa, hammani, butun oilani yettinchi avlodgacha yo‘q qilamiz”, deb aytilgan”, deydi manba.
Kreml uchun variantlardan biri – taxtni vaqtincha saqlab turuvchi shaxsni tayinlash. Agar Checheniston rahbari Adam Qodirov 30 yoshga to‘lmasidan oldin vafot etsa (qonunga ko‘ra u shu yoshdan keyin respublikaga rahbar bo‘la oladi), u Qodirovlar oilasi manfaatlari uchun harakat qilgan holda Chechenistonda barqarorlikni ta’minlab turadi.
“Adamning nufuzi – uning familiyasi, kelib chiqishi. Rossiya ichida hokimiyat shaxsga bog‘langan, sulolaviy tarzda uzatiladigan diktatura mavjud bo‘lgan sub’ekt paydo bo‘ldi”, deydi Pragadagi Karlov universiteti o‘qituvchisi, siyosatshunos Dmitriy Dubrovskiy.
Yana bir ehtimoliy variant – Qodirovga sodiq shaxsni Checheniston rahbari etib tayinlash. “Vajniye istorii” manbalarining aytishicha, bunga Federal xavfsizlik xizmatining sobiq xodimi va chechen diasporasi vakilidan kimdir mos kelishi mumkin. U Benoy deb ataladigan eng yirik teypdan (chechen va ingush jamiyatidagi qabilalik-urug‘chilik tuzilmasi, ya’ni keng ma’noda avlod, urug‘) bo‘lishi ehtimol, chunki uning vakillari Checheniston hokimiyatining barcha tuzilmalarida allaqachon mavjud.
Shunday nomzodlardan biri Chechenistondan Davlat dumasi deputati va Qodirovning uzoq yillik safdoshi Adam Delimxanov bo‘lib, u chechen diasporalarini nazorat qiladi. “Vajniye istorii”ning yozishicha, Qodirov aynan unga Adamni “tayyorlash”, shu jumladan kriminal muhitdagi aloqalarini ham berish vazifasini yuklagan. Ikkinchi nomzod – Checheniston hukumati rahbari Magomed Daudov – Qodirovning yana bir eng yaqin hamkori bo‘lib, hududdagi repressiyalar uchun javob beradi. Nashr manbalarining aytishicha, ayni paytda ushbu ikki shaxs o‘rtasida hokimiyat uchun kurash tufayli ziddiyat avj olmoqda.
Dubrovskiyning fikricha, Qodirov vafot etgan taqdirda ham Chechenistonda ommaviy chiqishlar yoki vaziyatning keskin beqarorlashuvi bo‘lmaydi.
“Ukrainadagi urushga bo‘ynigacha botgan Moskvaga yana beqaror Checheniston kerak emas. Moskva uchun hozirgi mavjud holatni kafolatlaydigan har qanday nomzod mos keladi”, deydi u.
Siyosatshunos Abbos Gallyamov esa Qodirovning o‘limi klanlar o‘rtasida hokimiyat uchun kurashga ham, ommaviy chiqishlarga ham olib kelishi mumkinligini istisno qilmaydi.
“Chechenistonda norozilar ko‘p, ayniqsa chechen elitasi ichida. Agar ular tizim yetarlicha zaiflashganini, bosh ko‘tarib unga qarshi kurashni boshlash mumkinligini his qilsa, albatta shunday qilishadi”, deydi Gallyamov.
Vorisni tanlash masalasida esa Moskva, avvalo, xatarlarni minimal darajaga tushira oladigan shaxsga e’tibor qaratadi, deb hisoblaydi ekspert.
“Checheniston ustuvor emas. Ustuvor vazifa – resurslarni isrof qilmaslik. Bor kuch-quvvat Ukraina masalasiga jamlanyapti”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ayrim Checheniston Telegram-kanallarida respublika rahbari Ramzan Qodirovning o‘g‘li Adam Qodirov Grozniyda yo‘l-transport hodisasiga uchragani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Adam Qodirov jarohat olib, shifoxonaga yetkazilgan. Xabarlarda, shuningdek, jabrlanuvchini Moskvaga olib ketishgani aytilgan.
Keyinroq, Ramzan Qodirov o‘zining Telegram-kanalida Adam Qodirov respublikaning kuch tuzilmalari rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazgani haqida video e’lon qildi.
Live
Barchasi