Kreml Zelenskiyning Putin bilan uchrashish taklifiga javob qildi
Olam
−
13 may 2022
31837Moskva Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvni rad etmayapti, ammo uni tayyorgarliksiz o‘tkazish mumkin emas. Bu haqda bugun, 13 may kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Bu yerda pozitsiya hech qanday tarzda o‘zgarmadi. Siz Rossiya Prezidentining pozitsiyasidan yaxshi xabardorsiz: hech kim apriori bunday uchrashuv imkoniyatini rad etmaydi, lekin bunga tayyor bo‘lish kerak”, deydi Kreml matbuot kotibi.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu uchrashuvga tayyorgarlik faqat tegishli hujjat, kelishuv ishlab chiqishda namoyon bo‘lishi mumkin va bo‘lishi kerak, keyin esa eng yuqori darajada yakunlanishi lozim. Bunday tayyorgarlik choralarisiz yig‘ilish o‘tkazish qiyin.
“Bunday hujjatni tayyorlashga kelsak, bu yo‘nalishda hech qanday o‘sish yo‘q. Hujjat yuzasidan biz allaqachon gaplashdik, biroq harakat yo‘q. Bizning shartlarimiz hammaga ma’lum, ular aniq shakllantirilgan va qog‘ozga tushirilgan, bularning barchasi Ukraina tomoniga topshirilgan. Javob yo‘q”, deya xulosa qildi Kreml matbuot kotibi.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Putin bilan hech qanday vositachilarsiz va ultimatumlarsiz uchrashishga tayyorligini aytgandi.
Ma’lumot uchun, Zelenskiy Putin bilan shaxsan gaplashishga tayyorligini bir necha bor ta’kidlagan. Mart oyi o‘rtalarida u Kiyev Moskva bilan kelishuv bo‘yicha muzokaralar chog‘ida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazishga intilayotganini e’lon qildi.
Mart va aprel oyi boshida Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin va Zelenskiy o‘rtasida yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazish uchun delegatsiyalar birgalikdagi aniq hujjat ishlab chiqish zarurligini aytgan edi.
Delegatsiyalar tarkibida Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralar yuzma-yuz ham, videoaloqa orqali ham bo‘lib o‘tdi, biroq tomonlar kelishuv shartlariga haligacha yagona yondashuvni ishlab chiqa olmadi. Eng katta muvaffaqiyatga Rossiya va Ukraina vakillarining 29 mart kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida erishildi. O‘shanda Kiyev Moskvaga Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini bo‘yicha yozma takliflarni topshirdi. Moskva, o‘z navbatida, Kiyev va Chernigov yaqinidagi harbiy faollikni kamaytirishga va’da berdi.
Biroq, Bucha materiallari nashr etilgandan so‘ng, muzokaralar deyarli to‘xtab qoldi. Bu voqealardan keyin Moskva Ukraina tomoni muzokaralar bo‘yicha yangi yozma taklif bilan chiqqanini e’lon qildi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi