Kreditga asir tushayotgan o‘zbegim
Tahlil
−
15 Oktabr
24671Avtomobil kerakmi “rassrochka”ga ol, pul kerakmi, kredit ol, telefon olmoqchimisan, muddatli to‘lovga xarid qil. So‘nggi paytlarda ko‘pchilik uchun kredit iqtisodiy muammolarning yagona yechimiga aylanib qoldi. Bir tarafdan, kredit insonlarga xohlagan paytda istalgan narsasini xarid qilish uchun imkoniyat bo‘lsa, bir tomondan katta foizlar evaziga bo‘yinga ilingan qarzdir.
O‘zbekistonliklarning bankdan olingan qarz mablag‘lari ayni damda 37 millionlik aholi uchun kishi boshiga 1 ming 49 dollardan to‘g‘ri keladi. Markaziy bank taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning banklardan 490 trln so‘m, dollarga hisoblaganda 38 mlrd 815 mln 791 ming dollar qarzi bor. Bu faqat banklardan olingan kreditlar xolos. Nobank tashkilotlar, avtosalonlar, ko‘chmas mulk, maishiy texnika bozorida bo‘lib to‘lashga berilayotgan mahsulotlar summasi bundan mustasno. Aslida, kredit va muddatli to‘lov pul-kredit munosabatlari sifatida moliyaning muhim, ajralmas qismi sifatida mamlakat rivojlanishi uchun xizmat qiladi. Lekin tan olish kerakki, O‘zbekistondagi kredit foizlari juda baland. Xo‘sh, buning asosiy sababi nimada? Ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez aytilayotganidek, moliyaviy inqiroz yaqinmi?
O‘zbekistondagi kredit foizlari
“Theglobaleconomy” saytining Jahon Banki ma’lumotlariga tayanib bergan 2022 yilgi hisobotida O‘zbekiston kredit foizi yuqoriligi bo‘yicha dunyoda 109 mamlakat ichida 6-o‘rinni egallagan. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kredit o‘rtacha 21,2 foizni tashkil etadi. Ammo aksariyat banklarda kredit foizlari 24 foizdan boshlab, to 49 foizgacha. Ularning yagona afzalligi ortiqcha hujjatlarsiz bir zumda kredit ajratishdan iborat xolos.
So‘nggi o‘n yil ichida O‘zbekistonda kreditning o‘rtacha foizi quyidagicha o‘zgargan:
· 2014 yilda 16,2 foiz;
· 2015 yilda 14,2 foiz;
· 2016 yilda 14,1 foiz;
· 2017 yilda 15,0 foiz;
· 2018 yilda 19,9 foiz;
· 2019 yilda 24,8 foiz;
· 2020 yilda 20,6 foiz;
· 2021 yilda 21,3 foiz;
· 2022 yilda 22,4 foiz.
· 2023 yilda 22,9 foiz.
Eng past kredit stavkasi Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasiga teng, ya’ni 13,5 foiz. Ammo bunday imtiyozli kreditdan foydalanish hammaga ham nasib etavermaydi. Hozircha faqat oilaviy tadbirkorlik uchun 33 million so‘mlik imtiyozli kredit va ayollar o‘qishi uchun ta’lim krediti berilmoqda. Uning ham yugur-yugurlari ko‘p.
Nima sababdan kredit foizlari O‘zbekistonda yuqori?
Iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Boboqulovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kredit foizlari yuqori ekaniga inflyatsiyadan tashqari yana bir qancha muhim omillar sabab bo‘lmoqda.
"Haqiqatdan ham, O‘zbekistonda kredit foizlari juda yuqori. Buning birinchi sababi – bu inflatsiya darajasining balandligi. Inflatsiya darajasi baland bo‘lgan sharoitda tijorat banklari past foizli kredit bera olmaydi.
Ikkinchi sabab – O‘zbekiston banklarida arzon resurs yo‘qligi. Iqtisodiyotda qimmatchilik. Bitta arzon resurs bu imtiyozli kredit. Uni davlat beradi.
Uchinchi sabab – risk yuqori. Qanchadan qancha imtiyozli kreditlar berildi. Bularni banklar qaytara olgani yo‘q. Buning ortidan juda katta qarzdorlik yuzaga keldi.
To‘rtinchidan – valyuta riski”, deydi iqtisodchi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir necha yillardan buyon bankirlarga kredit foizlarini tushirish bo‘yicha topshiriq berib keladi. Iqtisodchilar esa banklarni majburlab emas, aksincha iqtisodiy sharoitlarni yaxshilash va raqobat muhitini oshirish orqali kredit foizlari pasayishiga erishish muhim ekanini aytadi.
Yana bir muhim masala, muvaffaqiyatli tadbirkorlar biznes boshlash uchun kredit olishni maslahat bermaydi. Lekin aslida, kredit birinchi o‘rinda kichik biznes rivojlanishi uchun xizmat qilishi kerak. Ammo yuqori foizlar va inflyatsiya buni amalga oshirish uchun yo‘l bermayapti.
Ipoteka kreditlari
Ipoteka krediti ko‘pchilikni uy-joyli bo‘lish orzusiga yetkazish uchun eng qisqa va qulay yo‘ldir. Rivojlangan mamlakatlarda ipoteka iste’mol kreditlarining asosiy qismini tashkil etadi. Masalan, AQSHda ipoteka kreditlari iste’mol qarzining 70,2 foiziga teng.
Mutaxassis fikricha, O‘zbekistonda ipoteka krediti jozibadorligi kamligi boisdan unchalik ommalashmayapti. Markaziy bank ham 2024 yilda ipoteka bozorida pasayish kuzatilganini qayd etdi. Birinchi yarim yillikda jami 6 trln 883,9 mlrd so‘mlik ipoteka ajratilgan. 2023 yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 7,008 trln so‘mni tashkil qilgan edi.
QALAMPIR.UZ o‘tkazgan so‘rovnomada ma’lum bo‘ldiki, texnika bozorida asosiy savdo muddatli to‘lov, xalq tilida aytganda “rassrochka”ga baraka qilinmoqda.
Muddatli to‘lovga mahsulot xarid qilinganda uning ustiga yaxshigina summada pul qo‘shilishi hech kimga sir emas. “Rassrochka” qiymati baland ekaniga ham yana o‘sha inflyatsiya va mamlakatdagi mavjud iqtisodiy sharoit aybdor.
Dunyo mamlakatlarida kredit foizlari qancha?
Jahon bankining 2023 yillik ko‘rsatkichlar bo‘yicha solishtiruvlariga ko‘ra, eng arzon kredit foiz stavkasi Yaponiyada bo‘lib, O‘zbekistondagidan 12 barobar arzon, ya’ni – 1,8 foiz. Undan keyingi o‘rinni Shveysariya egallagan – 2,9 foiz.
Yevropa mamlakatlarida Ukrainani hisobga olmaganda kredit stavkasi 3,5 foizdan boshlab 10 foizgacha, Rossiyada 11,6 foiz, Xitoyda 4,3 foiz, AQSHda 8,5 foiz, Kanadada 6,9 foizni tashkil qiladi.
Markaziy Osiyo bo‘yicha eng arzon kredit stavkasi Turkmanistonga tegishli – 8.19 foiz (jismoniy shaxslar uchun, 2023 yilgi ma’lumot). O‘rtacha kredit stavkalari Qirg‘izistonda 19,1 foiz, Qozog‘istonda 18 foiz, Tojikistonda 23,5 foizga teng.
25 iyul kuni O‘zbekiston Markaziy banki qayta moliyalash stavkasini 13,5 foizga tushirdi. Bunday holatda banklardagi kreditlar foizi ham o‘z-o‘zidan pastlashi kerak edi, ammo yuqorida sanab o‘tilgan iqtisodiy muammolar tufayli bank kredit foizlari pastlashidan umid yo‘q. Tan olish kerak, kredit foizlari yuqoriligidan ham fuqarolar, ham banklar aziyat chekmoqda, chunki stavka qancha past bo‘lsa, talabgorlar shuncha ko‘p bo‘ladi.
Past daromad, ishsizlik, yuqori narxlar odamlarni kredit olishga undamoqda. Bir qarashda odamlarning mushkulini oson qilayotgandek ko‘rinayotgan kredit aslida odamlarni battar qiyin moliyaviy ahvolga tushirib qo‘yyapti. Yuqori foizlar evaziga olinayotgan kreditlar insonlarni yillar davomida qarzlarini to‘lashga majbur qilyapti. Qarzini uzolmasdan o‘z joniga qasd qilayotganlar ham, afsuski, bor.
LiveBarchasi