Fransuzlar nega o‘zbeklarni boshida ko‘taradi?
Tahlil
−
15 mart
1699211-13 mart kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Fransiyada bo‘lib qaytdi. U farang elida samimiy, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘ta samimiy kutib olindi. Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kam sonli shaxslarga nasib qiluvchi Fransiya Respublikasining oliy mukofoti – “Faxriy legion” ordeni bilan ham taqirlandi. Ammo Mirziyoyev “Faxriy legion” bo‘lgan yagona o‘zbek emas desam, ishonasizmi? O‘tgan asrda xuddi shu orden bilan boshqa bir o‘zbek, bo‘lib ham Amir Temurning avlodi taqdirlangan desam-chi? “Faxriy legion” ordeni o‘zi kimlarga beriladi va shu choqqacha kimlarga berilgan? Bugun QALAMPIR.UZ Fransiyada o‘zbeklarning obro‘yini ko‘tarish uchun umrini tikkan Temur avlodi, buyuk o‘zbek ajdodi haqida, O‘zbekistonning bu mamlakat bilan aloqalari haqida gaplashamiz.
“Napoleon Bonapart Fransiya tarixida alohida o‘ringa ega. U fransuz xalqining milliy qahramoni. U 1804 yilda imperator bo‘lgan bo‘lsa, 1799 yilda birinchi konsul sifatida Fransiyada hokimiyat tepasiga kelgan. Manashu paytda u juda ko‘p ishlar qilgan va shu jumladan “Faxriy legion” ordenini ta’sis etgan. Kimlarga “Faxriy legion” ordeni berilardi? Birinchi navbatda Fransiya fuqarolariga. XIX asrda ordenga asos solingan bo‘lsa, 200 yildan beri ushbu mukofot berilib kelinmoqda. U xorijiy mamlakat fuqarolariga kamdan-kam berilgan. Orden siyosat, madaniyat, ilm-fan sohasiga juda katta xissa qo‘shgan xorijliklarga ham beriladi. O‘zimizning tariximizga nazar soladigan bo‘lsak, birinchi bu ordenga sazovor bo‘lgan kishi – Sayid Islombek Xudoyorxon”, deya hikoya qildi atoqli olim, professor, tarix fanlari doktori Rahmon Farmonov QALAMPIR.UZ bilan suhbatda.
1888 yil. Toshkentning “Qashqar” mahallasida Qo‘qon xonligining so‘nggi hukmdori Xudoyorxonning 2-o‘g‘li Muhammad Aminbekning 5-o‘g‘li Islombek Xudoyorxon dunyoga keladi. Ular xonlik Rus imperiyasi tomonidan bosib olinib, uning o‘rnida Turkiston general gubernatorligiga qarashli Farg‘ona viloyati tuzilgach, 1876 yili Toshkentga ko‘chib kelishgandi.
Islombekka bolaligidan islom dini asoslari va qiroat saboqlari o‘rgatildi. 7 yoshga to‘lgach, rus-tuzem maktabiga berildi va u yerda dunyoviy fanlarni o‘rgandi. 10 yoshida esa Orenburgdagi kadetlar maktabiga o‘qishga ketadi. U dargohdagi o‘qishini tugallagandan so‘ng Moskvadagi Aleksandrovsk harbiy bilim yurtida ham 2 yil tahsil oladi. Yurtiga qaytib qilichbozlik va gimnastikadan saboq bera boshlaydi. 20 yoshli Islombek Turkistonda avj olayotgan jadidchilik harakatlarida ham faol qatnasha boshlaydi. Rossiyada imperiya ag‘darilib, hokimiyat tepasiga bolsheviklar kelgach, sobiq xonning avlodi va harbiy salohiyatga ega shaxs hisoblangan Islombek uchun Toshkent xavfli bo‘lib qolgan edi. Shuning uchun ham Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov va akalari ko‘magida Toshkentni tark etishga muvaffaq bo‘ladi. U Afg‘onistonning Toshkentdagi elchixonasiga tarjimon sifatida ishga kiradi va bu uning Afg‘onistondagi diplomatik karerasiga asos bo‘ladi. Keyinchalik esa u Afg‘oniston hukumati nomidan Fransiya va Shveysariyada elchixonalar tashkil etadi va u yerda qariyb 50 yil (umrining oxirigacha) faoliyat ko‘rsatadi.
“Sayid Islombek Xudoyorxon katta davlat arbobi bo‘lgan. U rus qizi Aleksandraga uylangan. Ular bir-birlarini yaxshi tushungan. Keyinchalik ular Afg‘onistonga hijrat qilishdi. U davrda Afg‘oniston podshohi bo‘lgan Muhammad Zohirshoh tomonidan Islombek Xudoyorxon Afg‘onistonning Fransiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi sifatida yuborildi. 1961 yilda Yelisey saroyida Sharl de Goll Sayid Islombek Xudoyorxonga “Faxriy legion” ordenini topshirgan”, deydi professor.
1972 yilda Islombekning rafiqasi Aleksandra olamdan o‘tgach, Islombek yolg‘izlanib qoladi. Ularning farzandlari yo‘q edi. Shunga qaramasdan u ko‘pchilik Fransiyadagi musulmonlarni o‘z otalig‘iga olgan. Shular qatorida doktor Akrom ham bor edi. U Islombekning tarbiyasini olib, mohir diplomat bo‘ladi va Afg‘onistonning Fransiyadagi elchisi sifatida Islombekning ishlarini davom ettiradi.
1983 yilda Islombek Shveysariyadagi Valmond shifoxonasida olamdan o‘tadi va vasiyatiga binoan Parijdagi Per la Shez qabristoniga rafiqasi Aleksandra xonim qabri yoniga dafn etiladi.
Islombek Fransiyadagi faoliyati davrida ko‘pchilik ziyoli, ma’rifatli kishilar bilan do‘stlashgan. Shular qatorida temurshunos, boburshunos, tarixchi olim Lyusen Keren ham bor.
Lyusen Keren Islombek haqida maqola ham yozgan va uning shajarasi Amir Temurga borib taqalishini ta’kidlagan. Bu g‘oyani undan oldin yashagan olimlar asarlarida ham ko‘rishimiz mumkin. Xususan, Niyozmuhammad ibn Avazmuhammadning “Tarixi Shohruxiya”, Muhammad Solih Toshkandiyning “Tarixi jadidi Toshkand” (“ Toshkentning yangi tarixi”), Mirzo Olim Mushrifiyning “Ansobu-s-salotin va tavorixu-l-xavoqin” (“Sultonlarning nasablari va xoqonlarning tarixi”), Fozilbek Otabek o‘g‘lining “Mukammali tarixi Farg‘ona”, Muhammad Aminbek Xudoyorxon o‘g‘lining “Farg‘ona muzofoti xonlari xususida voqeotlar”, rus tarixchisi Vladimir Nalivkining “Kratkaya istoriya Kokandskogo xanstva” ( “Qo‘qon xonligining qisqacha tarixi”) asarlarida bayon etilishicha, Qo‘qon xonlarining shajarasi Bobur va rafiqasi Sayidofoq Begimdan tug‘ilgan Oltin Beshikxonga borib taqaladi. Bu nasab esa Boburning ota-bobolari orqali Amir Temurga borib ulanadi. Shundan xulosa qilishimiz mumkinki, Qo‘qon xonligining so‘nggi xoni Xudoyorxon Amir Temurning yigirma uchinchi avlodi bo‘lsa, xonning ikkinchi o‘g‘li Muhammad Aminbek 24 va uning o‘g‘li Islombek 25-avlodi hisoblanadi.
Islombek hamisha vataniga qaytishni xohlagan, buning uchun ko‘p bora Sovet hukumatidan ruxsat so‘rab murojaat qilgan va har doim rad javobini olgan. Shu sababli Mirzacho‘lni o‘zlashtirish tajribasiga qiziqib, O‘zbekistonga yo‘lga chiqqan fransuz olimlaridan biri bo‘lgan do‘sti Lyusen Kerendan o‘z ona yurtini suratga olib kelishini iltimos qiladi. Lyusen Keren O‘zbekistonning Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida bo‘lib, noyob yodgorliklarni suratga oladi. Lyusen Keren rasmlarni Islombekka berar ekan, bu jarayonni shunday eslaydi:
Islombek janoblari har bir rasmni sinchkovlik bilan kuzatar ekan, menga qarab, “Ko‘rdingizmi, mening ajdodlarim qanday buyuk sivilizatsiya yaratganlar. Afsuski, bularni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish huquqidan mahrumman”, deya ko‘zlari namlangan.
Islombek Xudoyorxon va Lyusen Kerenning temuriylar va o‘zbeklar imijini oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari sabab, fransuzlarning bu yurt fuqarolariga hurmati oshib bordi. Shu sababli kamdan kam shaxslarga nasib qiladigan Fransiyaning oliy mukofoti “Faxriy legion” ordeniga laureatlari qatorida o‘zbeklar bir nechta.
“1996 yilda Amir Temur tavalludining 660 yilligi nishonlandi. Shu munosabat bilan bizning arxeologlarimizdan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi, tarix fanlari doktori, professor Galina Pugachenkova ham “Faxriy legion” ordeniga loyiq ko‘rilgan”, deydi tarixchi Rahmon Farmonov.
Emmanuel Makron Shavkat Mirziyoyevni qanchalik quvonch bilan kutib olgan bo‘lsa, bu tashrifni o‘zbekistonliklar ham shunchalik quvonch bilan kuzatishdi. Yevropaga darvoza sifatida ko‘riladigan Fransiya bilan aloqalarning mustahkamlanishi siyosatda katta narsani hal qiladi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

