Koronavirusning yangi shtammi Singapurda ham aniqlandi
Olam
−
24 dekabr 2020
3666Singapurda Buyuk Britaniyada aniqlangan COVID-19 koronavirus yangi shtammini yuqtirishning birinchi holati qayd etildi. Bu haqda “Channel NewsAsia” mahalliy telekanali xabar bermoqda.
Singapur Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, yangi shtamm yaqinda Londondan qaytib kelgan singapurlik talabadan topilgan. Shuningdek, u bilan aloqada bo‘lgan yana 11 kishida ham koronavirusning yangi shtammi aniqlangan.
Vazirlikka ko‘ra, 17 noyabrdan 17 dekabrgacha bo‘lgan davrda Yevropa mamlakatlaridan Singapurga qaytib kelgan jami 31 kishida koronavirus qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, hozirgi kunga kelib Singapurda 58 482 kishi koronavirusga chalingan. Ulardan atigi 29 nafari vafot etgan.
Avvalroq, koronavirusning yangi turi sentyabr oyida Buyuk Britaniyada paydo bo‘lib, noyabr oyining o‘rtalarida faol tarqalishni boshlagani haqida xabar bergan edik. Ko‘rilayotgan choralar fonida London aholisi shahar tashqarisiga chiqib ketishga harakat qilib, temir yo‘l stansiyalarida to‘plangan. Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi turi aniqlanganidan so‘ng, 20 dan ortiq davlat ushbu mamlakat bilan transport aloqalarini to‘xtatdi. Yo‘lovchi tashishni taqiqlash qaysidir davlatda yil oxirigacha, qayerdadir yanvar oxirigacha amal qiladi. Buyuk Britaniyaning o‘zida karantin cheklovlari maksimal darajaga ko‘tarildi.