Koronavirusning eng birinchi bemori Uxandagi virusologiya laboratoriyasi xodimi bo‘lgan – AQSH
Olam
−
16 aprel 2020
17064Koronavirus bilan kasallangan birinchi odam Xitoyning Uxan shahridagi virusologiya institutining laboratoriyasida ishlagan. Bu haqda kecha, 15 aprel kuni Fox News nashri xabar qildi.
Amerikalik jurnalistlarning ta’kidlashicha, Uxandagi laboratoriyada ishlovchi xodim u yerda saqlanayotgan ko‘rshapalakdan virusni yuqtirib olgan. Jurnalistlarning fikricha, Xitoy koronavirusning paydo bo‘lishi bo‘yicha hujjatlarni xalqaro hamjamiyatdan yashirmoqda.
"Uxandagi laboratoriya xodimlarining maqsadi biologik qurollar yaratish bo‘lmagan. Ular faqat viruslar ustida tadqiqot olib borishgan", deyiladi nashr xabarida.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 5 aprel kuni Britaniya OAVlari razvedka ma’lumotlariga tayanib, koronavirus pandemiyasi Xitoyning Uxan shahridagi laboratoriyadan kelib chiqqani haqida xabar qilishgan. Ta’kidlanishicha, ushbu laboratoriyada viruslar o‘rganilgan va xavfsizlik choralariga rioya qilinmagan.
Yaqinda Amerika Qo‘shma Shtatlari koronavirus tarqalishida aybdorlarni topish rejalarini e’lon qildi. Prezident Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy virus haqida ma’lumotlarni yashirayotgan bo‘lishi mumkin.
Hozirda rasmiy Pekin barcha ayblovlarni rad etdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda koronavirus bilan bog‘liq 2 065 906 holat qayd etilgan. Kasallanganlarning 517 444 nafari sog‘aygan, 137 124 nafari esa vafot etgan. Mavjud bemorlar soni 1 411 338 kishini tashkil qilmoqda.
LiveBarchasi