Koronavirus vaksinasi: Rossiya marraga yaqinlashyapti

Jamiyat

image

Avvalroq, Rossiyaning Sechenov universitetida koronavirusga qarshi dunyodagi ilk vaksinani ko‘ngillilarda sinovdan o‘tkazish nihoyasiga yetkazilgani haqida yozgandik.

Vaksinani ixtiro qilgan N.F.Gamalei instituti direktori Aleksandr Ginsburg u avgust oyi boshida ro‘yxatdan o‘tkazilishini va oy o‘rtalarida muomalaga kiritilishini taxmin qilgandi. Olimning taxminlaridan keyin Rossiyada vaksina bilan bog‘liq talaygina ishlar yuz berdi.

Xususan, 15 iyul kuni koronavirus vaksinasi sinovida ishtirok etgan bir guruh ko‘ngillilar Sechenov universitetidan chiqarildi va uyiga javob berildi. Ularning ahvoli yaxshi. Vaksinatsiya muvaffaqiyatli o‘tgani aytilmoqda.

Sechenov universitetining dori vositalarini klinik tadqiq qilish markazi rahbari Yelena Smolyarchukning so‘zlariga ko‘ra, ko‘ngillilar vaksinani mutlaqo yaxshi qabul qilgan. Endilikda ularga 100 ming rubl atrofida mukofot puli ham to‘lanadi.

Endi vaksinani iste’molga chiqarguncha bo‘ladigan rasmiyatchilik ishlarining borishiga kelsak. Rossiya Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko ilk ro‘yxatga olish avgust oyining dastlabki o‘n kunligida yoki ikkinchi dekadaning boshida bo‘ladi, deya fikr bildirdi.

O‘z navbatida, vazir ham N.F.Gamalei institutida tayyorlangan vaksina yaxshi natijalar berayotganini qayd etgan.

Vaksinani qo‘llash masalasida deyarli cheklovlar yo‘q. Faqatgina immun tizimida og‘ir surunkali kasalliklari bor bemorlardan boshqa barcha qo‘llashi mumkin.

Shuningdek, Rossiyada “Vektor” virusologiya va biotexnologiya davlat ilmiy markazi ham 2-3 haftadan keyin ekspertiza yakunlangach, koronavirusga qarshi o‘z vaksinasi sinovini boshlashga ruxsat so‘ragan.

Rossiyada yuz berayotgan voqealar koronavirusga qarshi vaksina tez orada iste’molga chiqarilishi mumkinligidan darak beryapti.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

2756

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing